“Green Uzbekistan” Huawei kompaniyasining barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilishga qoʻshgan hissasi sifatida

Продолжая просмотр сайта и(или) нажимая X, я соглашаюсь с использованием файлов cookie владельцем сайта. Batafsil

“Green Uzbekistan” Huawei kompaniyasining barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilishga qoʻshgan hissasi sifatida

2021.07.27

Huawei kompaniyasining Oʻzbekistondagi “Green Uzbekistan” tashabbusi kompaniyaning jahonni barqaror rivojlantirish boʻyicha global qarashlari bilan juda mos keladi. Huawei BMTTDʼning Orol dengizining tubini koʻkalamzorlashtirish loyihasini yana bir bor qoʻllab-quvvatladi.

Iyul oyi boshlarida Huawei kompaniyasi oʻzining barqaror rivojlanish boʻyicha yillik hisobotini eʼlon qildi, unda Huawei tomonidan  2020-yilda amalga oshirilgan ishlar va oʻzining barqaror rivojlanishni taʼminlash boʻyicha toʻrtta, xususan raqamli integratsiya, xavfsizlik va ishonchlilikni taʼminlash, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda barqaror va uygʻun ekotizimga erishish strategiyalarini amalga oshirishda qoʻshgan hissasi haqida bayon etilgan. Hisobot barcha manfaatdor tomonlar uchun jamiyatga foyda keltiradigan moddiy boyliklarni yaratishga qaratilgan loyihalar haqida va BMTʼning Barqaror rivojlanish maqsadlarining amalga oshirilishi toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot beradi.

Masalan, 2020-yilda Huawei ekologik jihatdan yanada musaffo va barqaror raqamli dunyoni yaratish boʻyicha olib borgan oʻz saʼy-harakatlari doirasida uglerod chiqindilarini kamaytirish, qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishni kengaytirish va yopiq sikldagi iqtisodiyotning shakllanishiga yordam berishga koʻproq eʼtibor qaratdi. 2020-yilda Huawei kompaniyasining CO2 chiqindilari har million yuan daromadga nisbatan bazaviy yil (2012) bilan solishtirganda 33,2% ga kamaydi va 2016-yilda kompaniya tomonidan belgilangan maqsadli koʻrsatkchdan (30%) oshdi.

Oʻtgan yili rivojlanishni rejalashtirish boʻyicha global ekologik notijorat qoʻmita 5800 dan ortiq kompaniyalarni iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashga qoʻshgan hissasi boʻyicha baholadi. Huawei kompaniyasi boshqa sanoqli kompaniyalar qatorida chiqindilarni kamaytirish, iqlim xavfini yumshatish va kam uglerodli iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha qabul qilgan chora-tadbirlari uchun nufuzli “A” daraja bilan baholandi.

Qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishni ilgari surish uchun Huawei raqamli energiya yechimlarini 170 dan ortiq mamlakat va mintaqalarda joriy etib, dunyo aholisining uchdan bir qismini qamrab oldi. Bugungi kunga qadar ushbu yechimlar hisobiga qayta tiklanadigan manbalardan 325 milliard kVt/s elektr energiyasi ishlab chiqarildi va 10 milliard kVt/s elektr energiyasi tejab qolindi. Ushbu saʼy-harakatlar tufayli CO2 chiqindilarini 160 million tonnaga kamaytirishga erishildi.

Iqlim oʻzgarishi bugungi kunda ijtimoiy taraqqiyot yoʻlidagi jiddiy toʻsiqqa aylandi. Huawei kompaniyasi kam uglerodli rivojlanish va “yashil” taraqqiyot strategiyasini tezroq amalga oshirishga intilmoqda va atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyotni tiklashga koʻp kuch sarflamoqda.

“Bizning barqaror rivojlanish boʻyicha yillik hisobotimiz kompaniyamizning raqamli texnologiyalarni joriy etish va oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan mahalliy jamiyatlarni qoʻllab-quvvatlash orqali ekologik musaffo va inklyuziv aqlli dunyoni uygʻunlikda rivojlantirishga intilayotganini yana bir bor isbotlaydi. Bizning Oʻzbekiston bozoriga kirib kelganimizga 20 yildan oshdi va mana shu davr davomida biz mamlakatda AKTni rivojlantirish uchun faqat eng ilgʻor va eng maqbul yechimlarni taqdim etib kelmoqdamiz, shuningdek xayriya loyihalari va korporativ ijtimoiy javobgarlikni amalga oshirish orqali barqaror rivojlanishga oʻz hissamizni qoʻshmoqdamiz. Masalan, Oʻzbekistonda biz “Green Uzbekistan” loyihasiga alohida eʼtibor beryapmiz, chunki u Oʻzbekistonning barcha aholisining kelajagiga taalluqlidir va biz Orol boʻyi muammosini eʼtiborsiz qoldirolmaymiz. Umid qilamizki, 10 yildan soʻng loyihada ishtirok etayotganlarning olib borgan ishlari natijasi va qoʻshgan hissasini yashil Orol dengizi koʻrinishida koʻramiz”, – dedi Oʻzbekistondagi Huawei kompaniyasining direktori Forest Lyu.

2020-yilda kompaniya BMT Taraqqiyot dasturining Orol dengizi tubini koʻkalamzorlashtirish  boʻyicha loyihasiga “Green Uzbekistan” tashabbusi bilan qoʻshildi. Qurib ketgan yerlarga 20 mingga yaqin saksovul koʻchatlarini ekishda koʻmak berildi. Loyihaning boshidanoq kompaniya rahbariyati Orol dengizi mintaqasini barqaror rivojlantirishga qoʻshgan hissasi bir martalik boʻlmasligini va kompaniya loyihani uzoq muddatli asosda qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini maʼlum qildi. 2021-yilda loyihaning qanday olib borilayotganligi bilan tanishish va oʻzining qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish niyatida ekanligining tasdigʻi sifatida saksovul ekilgan hududga Huawei jamoasining safari amalga oshirildi. Bu yil Huawei saksovul koʻchatlarini kelgusida ekish uchun sotib olishga yana bir bor hissa qoʻshdi va koʻchatlarning umumiy sonini 30 mingtaga yetkazdi.

“Xususiy sektor Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda muhim rol oʻynaydi va biz Huawei singari kompaniyalarning jamiyatga sarmoya kiritish, tadqiqotlar va atrof-muhit muammolarini oʻz biznesini yuritishning mantiqiy va ajralmas qismi deb bilishidan mamnunmiz. Biz Huawei kompaniyasiga 2020-2021-yillarda birinchi “yashil chempion” boʻlganligi va Orol dengizining qurib qolgan tubiga saksovul ekishda doimiy yordam koʻrsatayotgani uchun minnatdorchilik bildiramiz”, – dedi BMTTDʼning Oʻzbekistondagi akselerator laboratoriyasining tajribalar oʻtkazish boʻyicha rahbari Adham Qoʻchqorov.

2020-yilda Huawei kompaniyasi butun dunyo boʻylab 650 dan ortiq xayriya tadbirlarini tashkil etdi. Uning “Seeds for the Future” deb nomlangan yetakchi oʻquv dasturi 130 ta mamlakat va mintaqalardan 9000 ga yaqin talabalarni, shu jumladan Oʻzbekistonlik talabalarni ham oʻz ichiga qamrab oldi. Yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlashni davom ettirib, Oʻzbekistondagi Huawei kompaniyasi innovatsion texnologiyalarga ega koʻchma sinflarga asoslangan “Mobil AKT Akademiyasi” loyihasini taqdim etdi.