Huawei “Green Uzbekistan” loyihasini davom ettirmoqda

Продолжая просмотр сайта и(или) нажимая X, я соглашаюсь с использованием файлов cookie владельцем сайта. Batafsil

Huawei “Green Uzbekistan” loyihasini davom ettirmoqda

2021.06.04

2020-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi akselerator laboratoriyasi Orol dengizi tubini koʻkalamzorlashtirish boʻyicha kraudfanding (ommaviy mablag’ to’plash) tadbirini boshladi va bu tadbir doirasida mamlakatdagi har bir fuqaro, tashkilot va kompaniya qurgʻoqchil hududlarda saksovul koʻchatlarini ekishda oʻz hissasini qoʻshishi mumkin.

Oʻtgan yili Huawei Uzbekistan kompaniyasi Green Uzbekistan tashabbusini ilgari surgan edi va uning doirasida kompaniya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining (BMTTD) Oʻzbekistondagi Green Aral Sea nomli loyihasiga qoʻshilgan edi. Mazkur loyiha Orol dengizi tubini koʻkalamzorlashtirish orqali iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va Qoraqalpogʻiston aholisining turmushini yaxshilashga qaratilgan.

“Loyiha ishga tushirilgan vaqtdan boshlab Huawei uni darhol qoʻllab-quvvatladi va deyarli 20 mingga yaqin koʻchatlarni oʻtqazishda yordam berib, “Yashil Chempion” boʻldi. Biz loyihada faqatgina bir marta ishtirok etish bilan cheklanib qolmaymiz, bu yil biz oʻz kompaniyamiz tomonidan ekilgan koʻchatlar sonini 30 mingtaga yetkazmoqchimiz va kelgusi 10 yil ichida Orol dengizi tubi hududlarini yashil tusga kirishiga oʻz hissamizni qoʻshishni davom ettirmoqchimiz. Yaqinda BMT Bosh assambleyasi Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish haqida maxsus qaror qabul qilib, unda Orolboʻyi mintaqasining ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy holatini yaxshilashga qaratilgan qator chora-tadbirlar va tashabbuslarni belgilab qoʻydi. Oʻylaymanki, bizning kompaniyamiz qoʻshgan arzimas hissa ham mintaqaning barqaror rivojlanishini taʼminlash boʻyicha umumiy ishga katta foyda keltirishi mumkin”, – deya taʼkidladi Huawei kompaniyasining O’zbekistondagi direktori Lyu Tszyasin.

Huawei Uzbekistan jamoasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi vakillari bilan birgalikda Moʻynoqdan 85 km uzoqlikda joylashgan va loyiha amalga oshirilayotgan 100 gektarlik alohida yer uchastkasiga tashrif buyurishga muvaffaq boʻldi.

“Biz Orol dengiziga, aniqrogʻi qachonlardir dengiz boʻlgan joyga yetib keldik. Oʻsha yerda turibgina, oʻzgarishlarning butun koʻlamini va ekologik fojea oqibatlarini toʻliq anglab yetar ekan kishi. Aynan shu tufayli ham biz ushbu mintaqaga koʻproq eʼtibor qaratishga qaror qildik. Orol dengizi tubini koʻkalamzorlashtirish – biz oʻz hissamizni qoʻshishni istagan yoʻnalishlardan biri xolos, bundan tashqari biz ushbu mintaqada raqamli texnologiyalarni joriy etish boʻyicha katta loyihalarni amalga oshirish, jumladan, Qoraqalpogʻistonning AKT sohasidagi salohiyatini aniqlash, yoshlarning IT-texnologiyalarga boʻlgan qiziqishlarini oshirish, hamda, aloqa operatorlari uchun “green” yechimlarni taqdim etish uchun bel bogʻladik”, – deb aytdi korporativ aloqalar departamenti rahbari Davron Azizov.

Green Uzbekistan loyihasi Huawei kompaniyasi tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan yagona loyiha emas. May oyining boshida Huawei va Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) 5G texnologiyalari, narsalar Interneti, aqlli datchiklar va katta maʼlumotlarga intellektual ishlov berish platformalari asosida maʼlumotlarni boshqarish, monitoring qilish va qayta ishlash tizimlaridan foydalangan holda “aqlli” qishloq xoʻjaligi loyihasini ishga tushirdilar. Mazkur loyiha Oʻzbekistondagi tabiiy resurslardan oqilona foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan.