Huawei kompaniyasi iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash uchun bir qator loyihalarni ishga tushirdi

Продолжая просмотр сайта и(или) нажимая X, я соглашаюсь с использованием файлов cookie владельцем сайта. Batafsil

Huawei kompaniyasi iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash uchun bir qator loyihalarni ishga tushirdi

2021.10.18

Taʼlim sohasiga va yoshlarning taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etishga doimiy eʼtibor qaratgan holda, Huawei kompaniyasi Oʻzbekistondagi taʼlim muassasalarida bir qator loyihalarni ishga tushirdi.

Huawei kompaniyasi yetti yildan buyon mamlakatda amalga oshirilib kelayotgan har yilgi “Seeds for the Future” taʼlim loyihasiga start berdi. Global flagmanlik oʻquv dasturi birinchi marta 2008-yilda Tailandda oʻtkazilgan edi va bugungi kunga kelib, dunyoning 130 ta mamlakati va mintaqasidan 9000 nafar talabani oʻz ichiga qamrab oldi. Har yili loyiha doirasida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) ning 10 nafar talabasi Xitoyga ikki haftalik amaliyotga borib, AKT yechimlari boʻyicha chuqur bilim olishdi va Xitoy madaniyati va urf-odatlarini oʻrganishdi. 

Dunyodagi epidemiologik vaziyat tufayli 2020-yilda loyiha onlayn-formatga oʻtdi, bu esa IT-texnologiyalarga qiziqqan yoshlarni loyihaga koʻproq qamrab olish imkonini berdi. Oʻtgan yili TATUʼning barcha filiallaridan boʻlgan ishtirokchilardan tashqari, Toshkentdagi INHA universiteti talabalari va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari maktabi oʻquvchilari ham dasturga qoʻshilishdi.

Bu yil “Seeds for the Future” loyihasi bir vaqtning oʻzida IT yoʻnalishidagi 5 ta universitet – TATU, INHA, Аmity universitetlari, shuningdek Yeoju va Turin politexnika institutlari talabalarini oʻzida birlashtiradi. Loyiha joriy yilning noyabr oyida Huawei kompaniyasining Toshkentdagi ofisida shtab-kvartiraning koʻmagida gibrid formatda boʻlib oʻtadi. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKT maktabi oʻquvchilari ham 2021-yilgi dasturga qoʻshilishadi va maxsus tashkil etilgan Hakatonda ishtirok etishadi.

Huawei oliy taʼlim muassasalari bilan bir qatorda, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti qoshidagi “International House Tashkent” akademik litseyining ham uzoq muddatli hamkori hisoblanadi. Joriy yilning aprel oyida Huawei kompaniyasining Oʻzbekistondagi rahbariyati “International House Tashkent” litseyi va “Oliy iqtisodiyot maktabi” Milliy tadqiqot universiteti tomonidan hamkorlikda ochilgan Iqtidorlarni aniqlash markazining ochilish marosimida ishtirok etdi. Markaz faoliyatiga ilgʻor raqamli texnologiyalarni joriy etish maqsadida Huawei “jonli” muloqot samaradorligini saqlab qolgan holda masofaviy darslar, maʼruzalar va kengashlarni bemalol oʻtkazish imkonini beruvchi Ideahub aqlli doskasini sovgʻa qildi.

Huawei, shuningdek, xitoy tili chuqur oʻrganiladigan 59-sonli ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabiga bir necha yildan buyon doimiy ravishda koʻmak berib kelmoqda. 2017-yilda, 59-maktabda, maktab taʼlim tizimiga “smart” texnologiyalarni joriy etish boʻyicha pilot loyihasi amalga oshirilgan edi, oʻtgan yili esa, kompaniya muassasaning texnik jihozlanganlik darajasini yaxshilash maqsadida maktab oʻquvchilariga  noutbuklar, smart televizorlar, printerlar kabi ofis texnikalarini hadya qildi. 2021-yil 12-oktyabrda 59-maktab rahbariyati va Huawei kompaniyasi xitoy tilini eng yaxshi bilish boʻyicha maktab oʻquvchilari oʻrtasida iqtidorlilarni aniqlash uchun koʻrik-tanlov oʻtkazishni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida Memorandum imzoladilar. Oktyabr va noyabr oylarida oʻquvchilar loyiha gʻoliblarini aniqlash uchun ijodiy topshiriqlarni bajaradilar.

“Kompaniyamiz uchun Oʻzbekistonda taʼlim loyihalarini oʻtkazish va qoʻllab-quvvatlash barqaror rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Biz “Seeds for the Future” loyihasi yoki AKT boʻyicha “Huawei Cup” mintaqaviy musobaqalaridagi kabi, raqamli kadrlarni tayyorlash uchun IT sohasidagi ilgʻor bilimlarni yoshlar bilan boʻlishishga, shuningdek, IT sohasidan tashqari boshqa turli yoʻnalishlarda ham, jumladan, 59-maktab va “International House Tashkent” litseyi bilan hamkorlikda yosh iqtidorlarni qoʻllab-quvvatlashga intilyapmiz. Hozirgi tirishqoqlik va bilimga intilish kelajakda kuchli kadrlar zahirasi uchun poydevor boʻlib xizmat qiladi”, – deya taʼkidladi Huawei kompaniyasining Oʻzbekistondagi direktori Forrest Lyu.