Huawei kompaniyasi va Toshkent shahridagi Yeoju texnika instituti oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladilar

Продолжая просмотр сайта и(или) нажимая X, я соглашаюсь с использованием файлов cookie владельцем сайта. Batafsil

Huawei kompaniyasi va Toshkent shahridagi Yeoju texnika instituti oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladilar

2021.02.24

Huawei kompaniyasi Toshkent shahridagi Yeoju texnika instituti bilan oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladi.

2020-yil dekabr oyida Toshkent shahridagi Yeoju texnika instituti vakillari Huawei kompaniyasining Oʻzbekistonning AKT infratuzilmasini mustahkamlash sohasida olib borayotgan faoliyati bilan tanishish maqsadida kompaniya ofisiga tashrif buyurishgajn edi. 24-fevral kuni Huawei Uzbekistan rahbariyati ham Yeoju texnika institutining talabalar shaharchasiga javob tashrifini amalga oshirdi va u yerda tomonlar IT yoʻnalishida kadrlar tayyorlash borasida kelgusida amalga oshiradigan hamkorlik ishlarini, institut laboratoriyasi asosida tadqiqotlar olib borish va ishlanmalar ishlab chiqishda birgalikda faoliyat olib borish imkoniyatlarini, shuningdek, arxitektura va shaharsozlik yoʻnalishida raqamli texnologiyalardan foydalanishning afzalliklarini muhokama qildilar.

 

 

Tashrif natijasida Yeoju texnika instituti bilan oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi. Memorandum axborot texnologiyalarini qoʻllash sohasida yosh mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash, dolzarb yoʻnalishlarda qoʻshma tadbirlar, kompaniya mutaxassislari tomonidan maʼruzalar va mahorat darslarini tashkil etish, shu jumladan Yeoju talabalarining Huawei tomonidan har yili oʻtkaziladigan va olti yildan buyon Oʻzbekiston talabalariga Huawei kompaniyasida amaliy tajriba orttirishlariga imkon yaratib kelayotgan “Seeds for the Future” global loyihasida ishtirok etishlari uchun zamin yaratishga yoʻnaltirilgan.

 

Huawei oʻz faoliyati davomida Oʻzbekiston hududida mamlakatning asosiy IT universitetlari, jumladan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi INHA universiteti va Toshkent shahridagi Amity universiteti bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatdi. Huawei kompaniyasi, shuningdek, IT sohasiga ixtisoslashmagan, biroq hozirda maʼlum bir jihatlardan raqamli texnologiyalar bilan bogʻliq boʻlgan universitetlar bilan ham hamkorlik qilib kelmoqda. Dunyoda iqtisodiyotning barcha sohalarida raqamlashtirish jarayoni borayotganini hisobga olsak, IT yechimlar va ularni qoʻllash boʻyicha asosiy bilimlar har qanday oʻquv dasturi uchun foydali boʻladi. Shunday qilib, yaqinda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining pedagogik tarkibi uchun qishloq xoʻjaligi sohasida bulutli texnologiyalar va server texnologiyalarini qoʻllash boʻyicha maʼruzalar boʻlib oʻtdi. Jurnalistika va Ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan birgalikda esa, ilgari tuzilgan memorandum doirasida “Oʻzbekistonning AKT sharhlovchisi” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi.