Huawei Seeds for the Future 2024 ta’lim loyihasi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi
2024-yil 11-may “IT Star” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimida O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasi Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari ishtirokchilari uchun navbatdagi “Seeds for the Future” ta’lim loyihasini e’lon qildi. Loyiha 2024-yil avgustiga mo‘ljallangan va mintaqadagi 15 dan ortiq mamlakatdan 150 nafar talabalarni birlashtiradi.
2024-yil 11-may IT-ta’lim uyushmasi Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida O‘zbekistonning IT-sohasida e’tibor qozongan qizlarni taqdirlash marosimini o‘tkazdi. Tadbirda “Seeds for the Future 2023” ta’lim loyihasi ishtirokchisi, Toshkent shahridagi Inha universiteti talabasi Nodira Otabekova ham taqdirlandi. Nodira Otabekova o‘tgan yili mintaqaviy chempion va Tech4Good tanlovining kumush medali sovrindori nomini qo‘lga kiritgan “TechnoMinds” jamoasining jamoa yetakchisi bo‘ldi. Bu yil Nodira “Seeds for the Future 2024” loyihasining o‘nta global ambassadorlaridan biri sifatida tanlandi.
Nodira Otabekova “Seeds for the Future” xalqaro dasturida ishtirok etish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi, “Aquatibia” startap loyihasi ustidagi ishlari, Qatar va BAAga tashrifi, COP28 da ishtiroki, shuningdek, kelgusi oy Xitoyga tashrif buyurish rejalari haqida gapirdi. “Seeds for the Future AKT yosh isteʼdodlari uchun cheksiz imkoniyatlarni ochib beradi. O‘tgan yili dastur Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasining 15 mamlakatidan 175 nafar talabani Qatarga olib keldi, bu bizga innovatsion texnologiyalarni o‘rganish, tadbirkorlik va yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda boshqa mamlakatlardagi AKT hamjamiyatining a’zolari bilan aloqalarni o‘rnatish imkonini berdi. Bu eng yorqin xotiralarni qoldirgan aql bovar qilmaydigan taassurot bo'ldi”, - deya o'rtoqlashdi Nodira. – Bugun “Seeds for the Future” loyihasining global ambassadori sifatida eʼlon qilishga ijozat bergaysizki, bu yil mintaqaviy dastur Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadi”.
Joriy yilning avgust oyida O‘zbekistonda Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun “Seeds for the Future 2024” mintaqaviy dasturi bo‘lib o‘tadi, u ilg‘or texnologiyalar va yechimlarni o‘rganish bo‘yicha bir haftalik amaliyot bo’lib, sohaning yetakchi mutaxassislari ishtiroki, O‘zbekiston madaniyati va an’analari bilan tanishuvi, shuningdek, har yili o‘tkaziladigan Tech4Good tanlovi va boshqa bir qator tadbirlarni birlashtiradi.
“O‘tgan yili o‘zbekistonlik talabalar loyihada ishtirok etish chog‘ida aql bovar qilmaydigan natijalarni ko‘rsatdi, bu esa yoshlarda AKT texnologiyalariga qiziqish ortib borayotgani, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda IT-ta’limni rivojlantirish ekotizimining barcha ishtirokchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar muhimligini tasdiqlaydi. Bu yilgi loyiha uchun mezbon davlat sifatida O‘zbekistonni tanlab, kompaniyamiz tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshiradi hamda Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodagi yosh iste’dodlarning raqamli ko‘nikmalarini oshirishga hissa qo‘shadi hamda “Raqamli O‘zbekiston” rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi. Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT-ta’lim uyushmasiga tayyorgarlik ko‘rishda ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorchilik bildiramiz”, — dedi Huawei kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Chen Szyakay.
Huawei 25 yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat yuritib, aloqa operatorlari, davlat sektori, sanoat va ta’lim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. "Seeds for the Future" loyihasi 10 yildan beri amalga oshirilmoqda.
“Seeds for the Future” Huawei kompaniyasining korporativ ijtimoiy masʼuliyati doirasida amalga oshirilayotgan eng muhim global taʼlim dasturidir. 2008 yilda ishga tushirilgandan beri dastur 141 mamlakatdan 18 000 dan ortiq talabalarni qamrab oldi. O‘tgan yillarda o‘zbekistonlik 50 nafar talaba Xitoyda dastur bo‘yicha, 82 nafar talaba 2020-2022 yillarda dasturning onlayn versiyasida qatnashgan. 2017-yilda Pekinda bo‘lib o‘tgan “Bir kamar, bir yo‘l” xalqaro sammitida O‘zbekistondan “Seeds for the Future” loyihasining 4 nafar ishtirokchisi ishtirok etdi.