TATUda “ICT Competition 2024-2025” tanlovining Milliy bosqich g’oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi
2-dekabr kuni TATUda “Huawei ICT Competition 2024-2025” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tanlovining Milliy bosqichi g’liblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Turin politexnika universiteti va Toshkent kimyo-texnologiya institutidan 9 nafar talaba tanlov g‘olibi bo‘ldi, shuningdek, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari orasidagi ICT Competition tanlovining mintaqaviy bosqichida ishtirok etdi.
Har yilgi “ICT Competition 2024-2025” tanlovi 18-sentabr kuni YUNESKO instituti bilan hamkorlikda Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT-ta’lim uyushmasi ko‘magida Huawei ICT Talent Summit doirasida start berildi. Ilg‘or texnologiyalarga qiziquvchi va jahon miqyosida o‘z mahoratini namoyish etish istagida bo‘lgan AKT yo‘nalishidagi talabalar ishtirok etishga taklif etildi. Tanlovda uch yo‘nalish – bulutli texnologiyalar, tarmoq texnologiyalari va hisoblash texnologiyalari bo‘yicha 520 nafar talaba ishtirok etish uchun ariza topshirdi.
“Bugun biz O‘zbekistonda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan yana bir ta’lim loyihasining finaliga guvoh bo‘ldik. Huawei “ICT Academy” dan roʻyxatdan oʻtgan hamda texnologiyalarga qiziqqan barcha talabalar uchun oʻtkaziladigan AKT tanlovi yosh isteʼdodlarga nafaqat oʻz bilimlarini sinab koʻrish, AKT boʻyicha koʻnikmalarini oshirish, balki boshqa mamlakatlarning raqamli yoshlari bilan raqobatlashish uchun ajoyib tajribaga ega boʻlish imkoniyatini beradi. Biz Huawei “ICT Academy” doirasida ta’lim loyihalarini amalga oshirish orqali mahalliy iste’dodlarni rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shishda davom etamiz”, – dedi Huawei Uzbekistan direktori o‘rinbosari Vey Tsinvey.
“IT-ta’lim uyushmasi O‘zbekiston Respublikasida Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida xususiy sektor bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlab, iste’dodlarimizga yetakchi kompaniyalarning ilg‘or texnologiyalari haqida bilim olishi uchun imkoniyat yaratadi. Bu yil Huawei Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 150 nafar talabani birlashtirgan “Seeds for the Future 2024” mintaqaviy taʼlim loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bugun biz “ICT Competition 2024-2025” tanlovining Milliy bosqichi finalchilarini tabriklaymiz va ularning yutuqlarini Mintaqaviy Final bosqichida ko‘rishga umid qilamiz, – dedi IT-ta’lim uyushmasi raisi Nodirbek Barnayev.
To‘qqizinchi yillik “ICT Competition 2024-2025” tanlovi nafaqat raqamli bilimni oshirish va malakani oshirish imkonini beradi, balki mintaqaviy va global darajada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida karyera qurishda muvaffaqiyatga erishish imkonini beradi.O‘tgan yili mazkur tanlovda 80 mamlakatning 2000 dan ortiq universitetlaridan 170 mingdan ortiq talaba ishtirok etdi. 49 mamlakat va mintaqadan 470 nafar ishtirokchidan 160 dan ortiq jamoa bu yil Shenchjen shahrida bo'lib o'tgan Global final bosqichiga chiqish uchun Milliy va Mintaqaviy bosqichlardan o'tdi.
“ICT Competition 2024-2025” mintaqaviy bosqichi natijalariga ko‘ra, nazariy va laboratoriya topshiriqlari bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar Saudiya Arabistonida Huawei “ICT Academy” faoliyatining 10 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston sharafini himoya qilishlari mumkin bo‘ladi.