Yashil energiya monitoring markazi taqdim etildi
2023-yil 3-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida yashil energiya monitoring markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Markaz “Huawei” yechimlari asosida “Yashil Energiya” MChJ tomonidan quyosh elektr stansiyalari monitoringi, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va O‘zbekistondagi qayta tiklanuvchi energetika mutaxassislarining raqamli ko‘nikmalarini oshirish maqsadida ochildi.
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida Energetika vazirining o‘rinbosari Akmal Jumanazarov va “Huawei” kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida mamlakatda qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish bo‘yicha birgalikdagi faoliyat natijalari, shuningdek, tuzilgan anglashuv memorandumi doirasida yashil energiyaga o‘tishni kuchaytirish va ilg‘or yechimlar asosida sanoatni raqamlashtirish imkoniyatlarini muhokama qilish maqsadida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Hamkorlikning muvaffaqiyatli namunasi sifatida vazir oʻrinbosariga “Yashil energiya” MChJ tomonidan “Huawei” yechimlari asosida amalga oshirilayotgan monitoring markazi loyihasi taqdim etildi.
Monitoring markazining ochilish marosimida “Huawei” va “Yashil Energiya” MChJ vakillari “Huaweii Digital Power” yechimlarining ishlashini namoyish etdi. Xususan, xususiy uy xoʻjaliklari, korxonalar va yirik elektr stansiyalari uchun quyosh fotoelektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini yagona onlayn boshqaruvini taʼminlovchi SmartPVMS yechimining funksiyalari taqdim etildi. Ushbu yechim sanoat mutaxassislari va mijozlariga real vaqt rejimida ma'lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish orqali yanada tejamkor, xavfsiz, qulay va samarali elektr stantsiyalarini boshqarishga yordam beradi. Monitoring tizimi mahalliy bozor uchun mahalliylashtirilgan bo‘lib, o‘zbek tilidagi interfeysga ega, foydalanish uchun qulay platforma hisoblanadi.
“Huawei hamkorlar va tartibga soluvchilar bilan hamkorlik qilib, O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya ekotizimini mustahkamlashda davom etmoqda. Joriy yilda vazirlik va hamkorlar bilan birgalikda raqamli energiya sohasida ilg‘or yechimlarni o‘rganish va memorandum imzolashdan tortib, invertorlar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzish va bugungi kunda monitoring markazining ochilishigacha bo‘lgan qator tadbirlar amalga oshirildi. Biz innovatsiyalarni joriy etish va soha mutaxassislarining malakasini oshirish orqali yangi energiya tizimlarini yaratishni jadallashtirish va uglerod neytralligi maqsadlariga erishishga hissa qo‘shishda davom etamiz”, — dedi “Huawei” kompaniyasining O‘zbekistondagi direktori janob Chen Szyakay.
Monitoring markazining ochilishi nafaqat quyosh fotoelektr stansiyalarining ishlashini operativ monitoring qilish imkonini beradi, balki soha mutaxassislariga energetika sohasida raqamli ko‘nikmalarini oshirish imkonini beradi. Sohadagi bilimlarni oshirish va ilg‘or yechimlar bilan tanishish maqsadida “Huawei Digital Power” bo‘limi O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi va raqamli energetikani rivojlantirish bo‘yicha yutuqlar va yechimlarni muhokama qilish uchun platformalar yaratib, vaqti-vaqti bilan tadbirlar o‘tkazib turadi. 2023-yil 13-oktabr kuni Toshkentda ekotizim hamkorlari uchun “Huawei Digital Power Seminar” boʻlib oʻtdi. Unda ham muvaffaqiyatli hamkorlik qayd etildi va “Yashil Energiya” MChJ yilning strategik hamkori sifatida taqdirlandi.
“Huawei Digital Power” 2021-yildan buyon toza energiya ishlab chiqarish, transportni elektrlashtirish va yashil AKT infratuzilmasi kabi sohalarga eʼtibor qaratmoqda. Bugungi kunga qadar “Huawei” o‘z mijozlariga 921 milliard kVt·soatdan ortiq yashil energiya ishlab chiqarishga va 405 million tonna CO2 chiqindilarining oldini olishga yordam berdi.