Raqamli transformatsiya va intellektual IP-tarmoqlar Oʻzbekiston IT hamjamiyatining diqqat markazida
2022-yil 30-avgust kuni Toshkent shahrida beshinchi yillik IP GALA forumi boʻlib oʻtdi, unda texnologik kompaniyalar vakillari, aloqa operatorlari, soha ekspertlari, AKT ekotizimi boʻyicha hamkorlar va Huawei kompaniyasi vakillari intellektual IP tarmoqlari va umuman raqamli transformatsiya sohasidagi innovatsion yutuqlarni muhokama qilishdi.
Innovatsion yechimlarni joriy etish va Oʻzbekistonning AKT infratuzilmasini mustahkamlashga qiziqish ortib borayotganini hisobga olgan holda, Huawei kompaniyasi doimiy ravishda mamlakat IT-bozorining ishtirokchilarii bilan oʻz ekspertlik tajribasini baham koʻrib keladi. Har yili boʻlib oʻtadigan IP GALA Yevroosiyo forumi bu yil Toshkentda tashkil etildi va AKT sohasi mutaxassislari oʻrtasidagi muloqot uchun ajoyib platforma vazifasini bajardi.
Forumning asosiy muhokama mavzulari quyidagilar boʻldi: 5G davridagi transport tarmoqlari, IP-tarmoqlarni rivojlantirish, operator maʼlumotlarini qayta ishlash markazlari bilan oʻzaro bogʻlanish xususiyatlari, sunʼiy intellekt yordamida tarmoq boshqaruvini avtomatlashtirish.
“Raqamli iqtisodiyot mamlakatning barcha tarmoqlarini jadal rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Yuqori samaradorlikka ega tarmoqlar raqamlashtirish jarayonlarida bulutli yechimlarning qiymatini maksimal darajada oshirishga yordam beradi. Masalan, SRv6 texnologiyasi bulutga kirish tezligini oshiradi, tashkilotning bir nechta bulutlarga kirish imkoniyatining koʻpligi yagona infratuzilma tarmogʻi doirasida xizmatlarni ajratishga yordam beradi va shunga muvofiq iqtisodiyotning koʻplab sohalarini raqamlashtirishni sezilarli darajada tezlashtira oladi”, — dedi Chjao. Ley, Huawei Yevroosiyo operatorlari boʻlimi prezidenti.
Forum doirasida ishtirokchilar IP-tarmoqlarni rivojlantirish tendensiyalari, maʼlumotlar uzatish jarayonlarini avtomatlashtirish boʻyicha muammolar va yechimlarni muhokama qildilar, transport yechimlarini joriy etish va ulardan foydalanish, SRv6 (Segment Routing v6) Slicing protokolidan foydalanish boʻyicha oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar. Shuningdek, NCE yechimidan foydalanish misolida innovatsion strategiya haqidagi savollarga ham toʻxtalib oʻtildi.
Tadbir doirasida aloqa operatorlari va xalqaro tahlil agentliklari vakillari ishtirokida panel muhokamasi boʻlib oʻtdi. Maʼruzachilar transport tarmoqlarini rivojlantirishning eng ustuvor yoʻnalishlarini belgilab oldilar. Tartibga solish siyosatini olib borishda xizmat qiladigan aloqa operatorlari faoliyatida IP xizmatlarini rivojlantirish boʻyicha yuzaga keladigan qiyinchiliklar, muammolar va kelgusida qilinadigan ishlar muhokama qilindi. Maʼlumotlar uzatish tarmogʻini modernizatsiya qilish asosida operatorlar IP xizmatlarini rivojlantirish boʻyicha asosiy muammolar, trendlar va takliflar tahlil qilindi.
Huawei kompaniyasi Oʻzbekistonda 23 yildan ortiq vaqtdan beri faoliyat yuritib, mahalliy aloqa operatorlari va ekotizim boʻyicha hamkorlar bilan yaqin hamkorlikda AKT infratuzilmasini mustahkamlashga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Aloqa tarmoqlarini rivojlantirish va iqtisodiyotning turli sohalarini raqamlashtirish boʻyicha jahon tajribasini hisobga olgan holda kompaniya raqamli rivojlanishning ustuvor masalalarini muhokama qilishga bagʻishlangan forumlarni muntazam ravishda oʻtkazmoqda va soha mutaxassislari uchun ekspertlar bilan fikr almashish maqsadida tadbirlar tashkil etmoqda. Xususan, Toshkentda 2019-yilda ham IP GALA 2019 forumi oʻtkazilgan va tajriba almashish uchun samarali platforma sifatida oʻzini namoyon etgan edi.