Huawei va IT Park hamkorlikda O‘zbekistonda BPO markazlarini ishga tushiradi
Samarqandda boʻlib oʻtadigan ICTWEEK UZBEKISTAN 2022 haftaligi doirasida Huawei kompaniyasi va IT Park Oʻzbekistonning ikki shahrida smart va yashil yechimlarga asoslangan BPO markazlarini ochishga kelishdi.
2022-yilning 25-oktabr kuni Huawei kompaniyasining O‘zbekistondagi direktori Chen Szyakay va IT Park Uzbekistan direktori Farhod Ibragimov O‘zbekistonning Termiz va Namangan shaharlarida biznes jarayonlarini autsorsing qilish uchun ikkita markazni (BPO-markazlarini) yaratish to‘g‘risidagi protokolni imzoladilar. Bayonnomaning tantanali imzolanishi O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov ko‘magida Samarqand shahrida ICTWEEK UZBEKISTAN 2022 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida bo‘lib o‘tdi. BPO markazlarini birgalikda ochish loyihasi AKT vazirligi va Huawei oʻrtasida 2022-yil mart oyida Barselonada erishilgan kelishuvlar doirasidagi hamkorlikning davomi, shuningdek, Huawei va IT Park o‘rtasida 2022-yil yanvar oyida imzolangan memorandumda belgilangan rejalarni amalga oshirishdir.
“Huawei kompaniyasi O‘zbekiston AKT hamjamiyatining faol ishtirokchisi bo‘lib, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali mamlakatning raqamli rivojlanishiga hissa qo‘shishga harakat qiladi va mamlakatda inson kapitalini oshirish imkoniyatlarini kengaytirishga e’tibor qaratadi. Bugun biz O‘zbekiston Respublikasida Huawei kompaniyasining aqlli va yashil kampuslarni yaratishda qo‘llaniladigan yechimlari asosida ikkita BPO markazini ishga tushirishga kelishib oldik. Markazlar aqlli qurilmalar ekotizimlari, shuningdek qayta tiklanadigan energiya manbalari bilan ta’minlanadi”, — dedi Huawei Uzbekistan direktori Chen Szyakay.