Oʻzbekistonda Huawei kompaniyasining “Seeds for the Future 2021” taʼlim loyihasiga start berildi

Продолжая просмотр сайта и(или) нажимая X, я соглашаюсь с использованием файлов cookie владельцем сайта. Batafsil

Oʻzbekistonda Huawei kompaniyasining “Seeds for the Future 2021” taʼlim loyihasiga start berildi

2021.11.01

1-noyabr kuni Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) Media markazida Huawei kompaniyasi tomonidan har yili oʻtkaziladigan “Seeds for the Future” taʼlim loyihasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. IT sohasidagi toʻrtta universitet talabalari Sunʼiy intellekt, 5G, bulutli hisoblash, Narsalar interneti va shu kabi boshqa koʻplab ilgʻor texnologiyalar va yechimlarni oʻrganish boʻyicha oʻquv dasturida ishtirok etishadi.


“Seeds for the Future” dasturi butun dunyo boʻylab 130 ta mamlakat va mintaqadan boʻlgan ishtirokchilarni oʻzida birlashtirgan flagmanlik taʼlim loyihasi boʻlib, unda dunyodagi 500 ta universitetning talabalari ishtirok etadi. 9000 ta eng yaxshi talabalar, jumladan Huawei kompaniyasining Xitoydagi bosh qarorgohiga tashrif buyurgan oflayn ishtirokchilar va 2020-yilgi loyihaning onlayn ishtirokchilari dastur boʻyicha amaliyot oʻtadilar.

Oʻzbekistonda 7-yil IT universitetlari talabalariga AKT texnologiyalari sohasida oʻz bilimlarini oshirish, yetakchilik koʻnikmalarini mustahkamlash boʻyicha maʼruzalar tinglash, boshqa mamlakatlardan kelgan ishtirokchilar bilan madaniy qadriyatlarni almashish, shuningdek, Xitoy urf-odatlari va madaniyati bilan tanishish imkoniyatini beruvchi “Seeds for the Future 2021” loyihasi ishga tushirildi. Oʻtgan yillarda loyiha doirasida TATUʼning 50 nafar talabasi Xitoyda boʻlib, kompaniyaning bosh ofisida amaliyot oʻtashdi.

2020-yilgi pandemiya munosabati bilan “Seeds for the Future” loyihasi onlayn formatda tashkil etildi. Loyihada TATU, INHA va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktabdan 29 nafar talaba ishtirok etdi. 2020-yilgi dastur toʻliq onlayn formatda boʻlib oʻtib, unda xorijiy ekspertlarning maʼruzalari, Oʻzbekistondagi Huawei kompaniyasining koʻrgazma zaliga virtual sayohat, shuningdek, Huawei kompaniyasining Yevroosiyo mintaqaviy ofisi mutaxassislarining raqamli iqtisodiyot boʻyicha maxsus tashkil etilgan taqdimoti oʻtkazildi.

Tuzilgan memorandumlar doirasida 2021-yilgi loyiha ishtirokchilari toʻrtta universitet – TATU, Toshkentdagi Amiti universiteti, Toshkentdagi Yeoju texnika instituti va Toshkentdagi Turin politexnika universiteti talabalari boʻldi. Bu yil “Seeds for the Future” gibrid formatda Oʻzbekistondagi Huawei kompaniyasining ofisida boʻlib oʻtadi, unda Huawei kompaniyasining Xitoydagi shtab-kvartirasi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ulanishlar, texnologiyalar boʻyicha oldindan yozib olingan kurslar, kompaniyaning koʻrgazma zali boʻylab ekskursiya va quyidagi mavzulardagi maʼruzalarni oʻzida mujassamlashtiradi: Barqaror rivojlanishda texnologiyalarning taʼsiri, “Huawei mobile serviclari” (HMS) va dasturchilar uchun imkoniyatlar. Loyiha davomida ishtirokchilar oʻzlarining Tech4Good loyihasini ishlab chiqish bilan ham shugʻullanadilar, unda ular innovatsion texnologiyalarning ijtimoiy sohadagi oʻrni va ahamiyatini ochib berishlari kerak boʻladi.

“Bu yil Huawei kompaniyasi Oʻzbekistonning yetakchi IT universitetlari bilan AKT sohasidagi isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan memorandumlarni imzoladi. “Seeds for the Future” loyihasi ushbu kelishuvlarning eng asosiy bandlaridan biridir, chunki u yosh AKT xodimlarining salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni yuqori texnologiyalar sohasida yutuqlarga erishishga ilhomlantirish va kompaniyamiz mutaxassislari tajribasini oʻrganish imkonini beradi. Loyiha hali ham Huawei kompaniyasining shtab-kvartirasiga tashrif buyurishsiz yangi formatda amalga oshirilmoqda, biroq biz raqamli texnologiyalar bizga mana shunday pandemiya sharoitida ham dunyo boʻylab talabalarni birlashtirish imkoniyatini berayotganini koʻrib turibmiz”, dedi Huawei kompaniyasi direktorining Oʻzbekistondagi oʻrinbosari janob Go Feng.

Marosimda talabalari 2021-yilgi loyihada ishtirok etayotgan oliy taʼlim muassasalari rektorlari tabrik nutqi bilan chiqishdi, shunigdek, loyiha taqdimotini oʻtgan yilgi dastur ishtirokchisi Madina Dolotkazina oʻtkazdi.

“Seeds for the Future” – Huawei kompaniyasi tomonidan oʻz korporativ ijtimoiy majburiyatini bajarish doirasida amalga oshirilgan global dasturdir. 2017-yilda Oʻzbekistonning “Seeds for the Future” loyihasining 4 nafar ishtirokchisi Pekin shahrida boʻlib oʻtadigan “Bir belbogʻ, bir yoʻl” xalqaro sammitida ishtirok etish uchun taklif etilgan boʻlib, unda ishtirokchilar sammitga 30 ta mamlakatdan tashrif buyurgan davlat va hukumat rahbarlari oldida loyiha taqdimoti bilan chiqish qilishdi. 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Baxtiyor Saidov Shenchjen shahrida boʻlib oʻtgan  taqdirlash marosimida ishtirok etdi va loyiha ishtirokchilarini tabrik nutqi bilan qoʻllab-quvvatlab, IT sohasida yosh mutaxassislarni tayyorlash qanchalik muhimligini taʼkidlab oʻtdi.