Oʻzbekistonda AKT taʼlimini rivojlantirish yoʻnalishini muhokama qilish maqsadida yetakchi universitetlar rektorlari Huawei kompaniyasida yigʻildilar
Oʻzbekistonda AKT taʼlimini rivojlantirish yoʻnalishini muhokama qilish maqsadida yetakchi universitetlar rektorlari Huawei kompaniyasida yigʻildilar
2021-yil 2-aprelda Huawei kompaniyasi ofisida AKT akademiyasini ochilishi va mazkur sohaning taʼlim yoʻnalishini rivojlantirish mavzusida Oʻzbekistonning yetakchi universitetlari va institutlarining rektorlari ishtirokida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Huawei taklifiga binoan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli iqtisodiyot va IT sohasida kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan universitetlar rahbarlari kompaniya jamoasining bir qismi boʻlishni istagan universitet bitiruvchilari uchun yaratilgan yangi sharoitlar bilan tanishish maqsadida kompaniya ofisiga tashrif buyurishdi. Shu kuni Texnik yechimlarni tayyorlash va sotishni qoʻllab-quvvatlash markazi (TSSC) joylashgan binoning rasmiy ochilish marosimi ham boʻlib oʻtdi. Mazkur markaz Huawei Uzbekistanʼda 2012-yilda ochilgan boʻlib, u Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlaridagi, hamda Rossiyadagi sotuv jarayonini texnik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha beshta global markazlardan biri hisoblanadi.
Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti, Toshkentdagi INHA universiteti, Toshkentdagi YEOJU instituti, Toshkentdagi Amity universiteti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, shuningdek MGIMOʼning Toshkentdagi filiali rektorlari ochilish marosimida ishtirok etishdi, yangi ofisni koʻzdan kechirishdi va kompaniyaning yangi yechimlari bilan tanishishdi.
Marosimdan soʻng, universitet rektorlari va kompaniya rahbariyati bilan davra suhbati tashkil etildi va uchrashuv davomida Huawei oʻzining AKT sohasida kadrlar tayyorlash, iqtidorli bitiruvchilarga amaliyot oʻtash imkoniyatlarini taqdim etish va ularni ish bilan taʼminlash boʻyicha kelgusidagi rejalari bilan boʻlishdi. Muhokama qilingan yana bir mavzu AKT sohasida oʻqituvchilar va mutaxassislarni tayyorlash, yosh avlod oʻrtasida raqamli texnologiyalar bilan ishlash koʻnikmalarini ommalashtirish, mutaxassisliklarni yaratish va optimallashtirish, oʻquv dasturlari tizimini mukammallashtirish va laboratoriyalarni qurishda hamkorlik qilish maqsadida mahalliy universitetlarda Huawei kompaniyasining “AKT akademiyasi”ni ochish masalasi boʻldi. Mazkur dastur Oʻzbekiston talabalariga AKT mahsulotlari va Huawei texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi, Huawei kompaniyasining sertifikatlash dasturida ishtirok etishlariga imkon yaratadi va Oʻzbekistonda jamiyatga va AKT sanoatiga foyda keltirishga qodir isteʼdodlarning rivojlanishiga yordam beradi.
Suhbat davomida universitetlar rektorlari oʻz muassasalarida “AKT akademiyasi” loyihasini ishga tushirishni qoʻllab-quvvatlashlarini va Huawei kompaniyasi bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyorliklarini aytishdi.
“Bugun biz universitetlar rahbarlarini ular Oʻzbekistonning iqtidorli yoshlari uchun AKT sohasida, jumladan 5G va sunʼiy intellekt kabi soʻnggi texnologiyalarni oʻrganish, kompaniyamizda amaliyot oʻtash, yaxshi maosh toʻlanadigan ish bilan taʼminlash, shuningdek, ishlash uchun ham, boʻsh vaqtni mazmunli oʻtkazish uchun ham xalqaro darajadagi sharoitlarni yaratish borasida qanday imkoniyatlar ochib berilayotganligiga oʻzlari ishonch hosil qilishlari uchun taklif qildik. Huawei kompaniyasi axborot texnologiyalari sohasida, sanoatning ilmiy salohiyatini rivojlantirishda va qimmatli raqamli kadrlarni shakllantirishda Oʻzbekistonning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikni davom ettirishga toʻliq tayyorligini maʼlum qiladi, – deydi Huawei Uzbekistan direktori Lyu Tszyasin.
Suhbat davomida rektorlar oʻzlarining fikrlari va gʻoyalari bilan boʻlishdilar, shuningdek, eng muhim masalalarni, yangi imkoniyalarni va taʼlim dasturlari prizmasi orqali AKT sanoatini rivojlantirish yoʻnalishini muhokama qilish uchun mana shu shaklda tez-tez yigʻilib turishga kelishib olishdi.
Huawei kompaniyasi 20 yildan buyon Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini yuritib kelmoqda va AKT sohasida boʻlajak mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratmoqda. Kompaniya Oʻzbekistondagi IT universitetlari bilan olib borayotgan uzoq muddatli hamkorligi asosida 7 yildan buyon Seeds for the Future loyihasini amalga oshirib kelmoqda. 2021-yil noyabr oyida loyiha onlayn shaklda boʻlib oʻtadi, shu bilan birga unda ishtirok etish uchun taklif qilingan universitetlar roʻyxati kengaytiriladi va koʻp sonli talabalar qamrab olinadi.