Huawei Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti mutaxassislari uchun trening oʻtkazdi
Huawei kompaniyasi oʻzining korporativ ijtimoiy ma’suliyati doirasida hamda Oʻzbekistonda taʼlim sohasiga innovatsion raqamli texnologiyalarni joriy etish maqsadida Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) bilan birgalikda 2021-yilning yanvar oyida “data center” (maʼlumotlar markazi) ni ishga tushirish loyihasini amalga oshirdi. Kompaniya tomonidan kelgusida “aqlli” raqamli universitetni yaratishda foydalanish, shuningdek, irrigatsiya va qishloq xoʻjaligi sohasida IT texnologiyalarini qoʻllash boʻyicha oʻquv jarayonlari va sinov loyihalari davomida maʼlumotlarini saqlash va qayta ishlashda foydalanish uchun modulli formatdagi Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi (MQIM) shaklidagi yechim taqdim etildi.
Huawei kompaniyasining bulutli yechimlar boʻyicha mintaqaviy mutaxassisi tomonidan “Huawei kompaniyasining IT-uskunalari va uning “aqlli qishloq xoʻjaligi”da qoʻllanilishi” mavzusida taqdimotli maʼruza oʻtkazildi va unda TIQXMMI mutaxassislari va oʻqituvchilari ishtirok etishib, mazkur yechimlarning samaradorligi borasida batafsil maʼlumot olishga va Huawei kompaniyasining bulutli hisoblash sohasidagi faoliyati, server mahsulotlari va iqtisodiyotning agrar sektoridagi texnologiyalarning oʻrni bilan tanishishga muvaffaq boʻlishdi.
Trening davomida tabiiy resurslardan foydalanishni nazorat qilish va oqilona tashkil etish uchun imkoniyatlar ochadigan qishloq xoʻjaligi sohasidagi aqlli yechimlarning potensial afzalliklari masalalari muhokama qilindi. Xususan, quyidagi afzalliklariga alohida toʻxtalib oʻtildi:
- Tasvirlar va datchiklar yordamida qishloq xoʻjaligi ekinlari, tuproq va havoning holati boʻyicha real vaqt rejimida monitoring olib borish mumkin, bu fermerlar uchun muayyan maydonlardagi oʻzgarishlarni kuzatish va ularga mos choralar koʻrish imkoniyatlarini yaratadi;
- Aqlli sugʻorish tizimlari suv isrofgarchiligini minimal darajagacha kamaytirishga va uning kerakli vaqtda kerakli maydonlarga yetib borishini taʼminlashga imkon beradi;
- Tuproqni monitoring qilish tizimlari yer jinslarining umumiy sifati va kimyoviy tarkibini kuzatish imkoniyatiga ega, bu esa fermerlarga maʼlum ekinlarning hosildorligini oshirishga va mahalliy darajadagi muammolarni, masalan, tuproqning tarkibidagi zaharli moddalarning, shoʻrning va kislotaning ortishi muammolarini paydo boʻlishi zahoti aniqlab, ularni bartaraf etishga imkon beradi;
- Hosildorlik monitoringi hosilni yigʻish paytida hosil haqidagi, jumladan uning miqdori, sifati va tarkibidagi namlik darajasi haqidagi maʼlumotlarni geografik koordinatalarga bogʻlagan holda real vaqt rejimida olish imkonini beradi;
- Aqlli boshqaruv tizimlari real vaqt rejimida maʼlumotlarni tahlil qilish orqali oʻsimliklar va mikrorayonlarning individual xususiyatlarini hisobga olgan holda yuqori samarali qishloq xoʻjaligini monitoring qilishga va boshqarishga imkonini beradi.
Datchiklar tomonidan toʻplanadigan va boshqaruv tizimlari tomonidan qayta ishlanadigan axborotlar va maʼlumotlar sonini hisobga olgan holda, AKT infratuzilmasini tayyorlash zarurati qishloq xoʻjaligining raqamlashtirishga oʻtkazilishining asosiy sabablaridan biridir. AKT texnologiyalaridan xabardorlik darajasini va bilim darajasini oshirish ushbu sohada kadrlarni oʻz vaqtida tayyorlashga yordam beradi. Shu munosabat bilan Huawei kompaniyasi Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti mutaxassislari va professor-oʻqituvchilari uchun AKT boʻyicha treninglar tashkil etishni davom ettiradi.
Huawei Uzbekistan kompaniyasi 20 yildan ortiq vaqtdan buyon innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali yosh avlodni doimiy qoʻllab-quvvatlash va isteʼdodlarni rivojlantirish tamoyillariga asoslangan holda oʻz faoliyatini amalga oshirib kelmoqda. 2020-yilda kompaniya tomonidan bir qator ijtimoiy loyihalar va taʼlim loyihalari, jumladan, Toshkent shahridagi ikkita maktabni raqamlashtirish uskunalari bilan taʼminlash ishlari, IT-muassasalari talabalari uchun “Seeds for the Future” oʻquv loyihasi, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan hamkorlikdagi “Oʻzbekistonning AKT sharhlovchisi” tanlovi, shuningdek, “Ezgu Amal” jamoatchilik fondi” bilan hamkorlik ishlari amalga oshirildi va UNDP Uzbekistan bilan birgalikda Orol dengizi tubini koʻkalamzorlashtirish boʻyicha tashabbusda ishtirok etdi.