Продолжая просмотр сайта и(или) нажимая X, я соглашаюсь с использованием файлов cookie владельцем сайта. Batafsil
O‘zbekistonlik talabalar Huawei AKT 2025-2026 tanlovining mintaqaviy finalida ishtirok etishdi
2025-yil 23-dekabr kuni O‘zbekistonning to‘qqizta talabasi “Huawei ICT Competition 2025-2026” amaliy musobaqalarining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mo‘ljallangan mintaqaviy bosqichida ishtirok etdi. Musobaqa Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot Texnologiyalari Universitetidagi Huawei AKT Akademiyasi laboratoriyasida onlayn tarzda o‘tkazildi. Musobaqaning amaliy qismi uchta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazildi: tarmoq texnologiyalari (Network), hisoblash (Computing) va bulutli texnologiyalari (Cloud).

“ICT Competition 2025-2026” yillik musobaqalarining ochilishi 2025-yil 24-sentyabrda ICTWEEK Uzbekistan 2025 doirasidagi “Raqamli ta’limda sun’iy intellekt” forumida bo‘lib o‘tgan edi. Ro‘yxatdan o‘tish Huawei AKT Akademiyasi talabalari va AKT yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining talabalari uchun ochiq edi. Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlarida o‘zining iste’dodlar ekotizimini rivojlantirish tashabbuslari doirasida yarim milliondan ortiq AKT mutaxassislarini o‘qitgan Huawei “ICT Competition” musobaqalarini o‘tkazishning 10 yilligini nishonlamoqda.

Milliy bosqichda eng yaxshi natijalarni ko‘rsatgan holda, mintaqaviy finalga Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti, Toshkent shahridagi Inha Universiteti, Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti va Farg‘ona Davlat Texnika Universiteti talabalari yo‘l oldi. To‘qqizta talabaning milliy bosqichdagi yutuqlari, shuningdek, Huawei AKT Akademiyasining bilimli o‘qituvchilarining hissasi amaliy laboratoriya imtihoni boshlanishidan oldin bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida e’tirof etildi. Uchta jamoaga bo‘linib, talabalar Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoning 13 mamlakatidan (Ozarbayjon, Bahrayn, Iordaniya, Iroq, Qozog‘iston, Qatar, Quvayt, Livan, BAA, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Turkmaniston, O‘zbekiston) ishtirokchilar bilan birga qo‘yilgan vazifalarni bajarishdilar.


O‘zbekiston talabalari uchun “Huawei ICT Competition” musobaqalari ikkinchi marta o‘tkazilmoqda. Kompaniya uzluksiz ta’lim, innovatsiyalar va kasbiy o‘sish madaniyatini rivojlantirishda davom etmoqda, bu esa kelajakdagi ICT sohasi mutaxassislariga o‘z salohiyatini to‘liq ochish va imkoniyatlarini global miqyosda namoyish qilish imkoniyatini beradi. O‘tgan yili Huawei ICT Competition mintaqaviy bosqichi sovrindorlari Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida qatnashishga muvaffaq bo‘lishdi, “Huawei ICT Competition” innovatsion musobaqalarining mintaqaviy bosqich finalistlari esa o‘tgan may oyida Xitoyda bo‘lib o‘tgan global finalda qatnashib, uchinchi o‘rinni egallagan edilar.

O‘z faoliyatini boshlaganidan buyon “Huawei ICT Competition” musobaqalari Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasidagi iste’dodlarni rivojlantirishning eng yirik platformalaridan biriga aylandi. So‘nggi to‘qqiz yil ichida musobaqalarda 19 mamlakat, 800 dan ortiq universitet va 140 000 dan ziyod talaba ishtirok etdi. O‘ninchi musobaqa o‘qitish, o‘rganish va innovatsiyalarni birlashtirgan noyob musobaqa modeli orqali Huawei kompaniyasining raqamli iste’dodlar ekotizimini yaratishga bo’lgan intilishini yana bir bor tasdiqlaydi.

Huawei kompaniyasi O‘zbekistonda 26 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda va soha mutaxassislari hamda yoshlar o‘rtasida ICT sohasidagi kasbiy ko‘nikmalarni oshirishga e’tibor qaratmoqda. Huawei ICT akademiyasi asosida talabalar AI bo‘yicha uchta kurs moduliga: “Sun’iy intellektga umumiy nazar (Overview of AI)”, “Qidiruv va Sun’iy Intellekt (Search and AI)” va “HCIA-AI 4.0” sertifikatlash kursiga kirish imkoniyatiga ega. Ushbu kurslar shuningdek, “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” platformasida ham mavjud. Huawei ICT Competition 2025-2026 innovatsion musobaqalariga ro‘yxatdan o‘tish 2025-yil 30-dekabrgacha ochiq. Talabalarni o‘z loyihalari va barqaror rivojlanish hamda o‘sish uchun Sun’iy Intellektni qo‘llashning yorqin g‘oyalari bilan ishtirok etishga taklif etamiz.