Продолжая просмотр сайта и(или) нажимая X, я соглашаюсь с использованием файлов cookie владельцем сайта. Batafsil

22 ta OTM talabalari Huawei kompaniyasida amaliyot o‘tashdi

2025-yil 16-iyul kuni Huawei kompaniyasida “Annual Internship Program 2025” yillik amsliyot dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan talabalarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning 22 ta oliy ta’lim muassasasidan 70 dan ortiq talaba joriy yilning aprel oyida amaliyotni boshlagan edi. Dastur kompaniya mutaxassislari tomonidan ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha o‘tkazilgan intensiv oflayn treninglar, ta’lim platformasi asosidagi onlayn ma’ruzalar va Toshkentdagi Huawei ofisining turli bo‘limlari faoliyatini chuqur o’rganishdan tashkil topgan.

huawei-uzbekistan-internship-graduation-20250716-2

“Huawei Annual Internship Program” har yili raqamli texnologiyalar va AKT sohasidagi trendlarga qiziqadigan iste’dodli yoshlar uchun o‘z bilimlarini chuqurlashtirish va xalqaro kompaniyada amaliy tajriba orttirish imkonini beradi. Dastur doirasida ishtirokchilar AKT sohasida texnik yordam ko‘rsatishdan tortib, loyiha boshqaruvi, hamkorlar va mijozlar bilan muzokaralar olib borish, sotish oldi tadbirlarini o’tkazish, xarid qilish jarayonlarini o’rganish, logistika va moliyani boshqarish kabi yo‘nalishlarda ko‘nikmalarni egallashadi.

huawei-uzbekistan-internship-graduation-20250716-1

“Har yili kompaniyamizda amaliyot o‘tash imkoniyatini taqdim etamiz. Mutaxassislarimiz va ekspertlarimiz yordamida bitiruvchilarning intellektual texnologiyalar dunyosiga to‘liq sho‘ng‘ishi va universitetni tamomlagach, AKT sohasida ishlashga tayyor bo‘lishlarini ta’minlaymiz. Biz dasturimizni O‘zbekistonda malakali kadrlar bo‘yicha ortib borayotgan talabdan kelib chiqqan holda turli xil qilib ishlab chiqishga harakat qilamiz”, — dedi xodimlar boshqaruvi bo‘yicha direktor o‘rinbosari janob Vey Tsinvey.

huawei-uzbekistan-internship-graduation-20250716-3

Amaliyotning birinchi oyida talabalarga aloqa tarmoqlari asoslari, 2G dan 5.5G gacha bo‘lgan tarmoqlar evolyutsiyasi, tarmoqlar xavfsizligi, IT va bulutli texnologiyalar, iqtisodiyotning turli sohalari uchun ilg‘or yechimlar haqida ma’lumot berildi. Bo‘limlarga taqsimlangan amaliyotchilar o‘zlashtirgan bilimlarini haqiqiy loyihalar ustida ishlash va muammolarni hal qilishda mentorlar rahbarligida amaliyotda qo‘llashdi. Ular kompaniyaning kundalik hayoti, korporativ madaniyati va xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar, teambuilding tadbirlarida ishtirok etdilar. Dastur bitiruvchilari AKT sohasida faoliyatini davom ettirish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni egalladilar, eng faol ishtirokchilarga esa Huawei jamoasiga qo‘shilish imkoniyati taklif qilindi.

huawei-uzbekistan-internship-graduation-20250716

Yillik amaliyot dasturi Huawei’ning O‘zbekistonda iste’dodlarni yetishtirish va AKT sohasida kuchli kadrlar zaxirasini tayyorlash bo‘yicha tashabbusining bir qismidir. Amqliyotdan tashqari kompaniya har yili “Seeds for the Future” nomli flagman ta’lim loyihasini o’tkazadi hamda mamlakatdagi 15 ta OTMda faoliyat yuritayotgan Huawei AKT Akademiyalari orqali raqamli texnologiyalar bo‘yicha xabardorlikni oshiradi va bilimlarni chuqurlashtiradi. Yaqinda Huawei ofisida bo‘lib o‘tgan “IP & OceanClub 2025” tadbirida Huawei kompaniyasi “100-person ICT Excellence Program” nomli hamkorlik ekotizimidagi 100 nafar iste’dod egalarini tayyorlash dasturini boshlab yuborganini e’lon qildi. Bu dastur O‘zbekistondagi mijozlar va hamkorlar safidagi yuz nafar iqtidorli mutaxassisning bilim va ko‘nikmalarini bir yil davomida oshirishga yordam beradi.