Huawei asoschisi Jen Chjenfey: "Telefon sotuvlaridan umid qolmasa ham omon qolamiz"
Tayyuan, Shansi, Xitoy, 2021 yil 9-fevral
Janob Jen Chjenfeyning Tayyuanda, Sahnsi, Xitoy, intellektual ko'mir konlari innovatsion laboratoriyasining ochilish marosimidan so'ng bergan intervyusi transkripti.
Jen: “Sizning savollaringizga javob berishdan avval men bir nechta kirish mulohazalarimni aytmoqchiman. Bizning kommunikatsiya texnologiyamizning oldingi avlodlari milliardlab uylar va odamlarni tarmoqqa ulashga qaratilgan edi. Biroq, 5G davrida asosiy vazifa tarmoqqa korxonalarni ulash bo’layapti. Biz aeroportlar, dengiz portlari, ko'mir konlari, metallurgiya zavodlari, avtomobilsozlik va aviatsiya sanoati korxonalari kabi turli tarmoq korxonalari ishlarining o’ziga xos xususiyatlarini yetarli darajada chuqur tushunmaymiz. Xuddi shuning uchun biz ushbu sohalarning ehtiyojlarini to'liq tushunishga imkon beradigan qo’shma laboratoriyalarni tashkil qilmoqdamiz.
Shansidagi intellektual ko’mir konlari innovatsion laboratoriyasi konlarda sifatli 5G aloqa xizmatlarini ko'rsatishga mo’ljallangan. Laboratoriya shtati tarkibida 220 mutaxassis ishlaydi, ularning 53 nafari Huawei kompaniyasining vakillaridir. Huawei mutaxassislarining aksariyati elektron texnologiyalarga ixtisoslashgan. Bundan tashqari, laboratoriyada Shansidan ko’mir sanoatidan jalb qilingan ushbu sohada expert bilimlariga ega bo’lgan 150 dan ortiq mutaxassis ishlaydi. Bizning laboratoriyamizda birgalikda rahbarlik qilish tamoyili qo'llaniladi: ko'mir qazib olish bilan bog'liq masalalarda ko'mir sanoati vakillarining fikri va elektronika sohasidagi masalalarda Huawei vakillarining fikri ustunlik qiladi".
01 Chjao Donxuey, “Sinxua” axborot agentligi: “Siz bugun ertalab laboratoriyaning ochilish marosimida hozir bo’ldingiz. Iltimos, ayting-chi, Huawei o'zining asosiy biznesini kengaytirish va diversifikatsiya qilishga intiladimi va kompaniya o'zi faoliyat yuritayotgan har bir sohada noyob afzalliklarga erisha oladimi? Sizningcha, kelajakdagi ko'mir konlari xodimlari uchun eng maqbul ishlab chiqarish muhiti qanday ko’rinishda bo’ladi? "
Jen: “Birinchidan, biz asosiy biznesimizni kengaytirishni rejalashtirmayapmiz. Biz tog'-kon sanoati korxonalariga taqdim etayotgan asosiy platformamiz metallurgiya zavodlarida, dengiz portlarida va aeroportlarda ishlatiladigan platformaga o'xshashdir. 5Gga asoslangan tarmoq yechimlari bir-biridan farq qiladi, ammo aksariyat hollarda bir xil texnologiyalar qo'llaniladi. Shuning uchun bizning asosiy maqsadimiz sanoatning turli tarmoqlarida elektron, dasturiy ta'minot va hisoblash tizimlaridan foydalanishni kengaytirishdan iboratdir. Ko'mir konlari ishlashining o'ziga xos xususiyatlarini yaxshilab tushunib olgandan keyin biz tog'-kon sanoati korxonalariga samarali yechimlar va xizmatlarni taklif qila olamiz. Va agar biz ko'mir konlariga samarali xizmatlar ko'rsatadigan bo'lsak - xuddi Microsoft samolyot dvigatellarini ishlab chiqaruvchilariga axborot xizmatlarini ko'rsatadigani singari – u holda biz yuqori sifatli xizmat modulini yarata olishimiz mumkin bo’ladi. Microsoft samolyot dvigatellarini ishlab chiqarishni o'zlashtirmoqchi emas va biz ham yer osti boyliklarini qazib olish bilan shug'ullanmoqchi emasmiz.
Bizning vazifamiz ko'mir sanoati korxonalariga xodimlar sonini kamaytirishga va inson ishtirokini talab qilmaydigan operatsiyalar sonini ko'paytirishga yordam berishdan iboratdir. Bu mehnat xavfsizligi va samaradorligini oshirishga imkon beradi. Buning uchun biz tog’-kon ishlab chiqarishining to'liq mexanizatsiyalashgan, intellektual modellarini ishlab chiqarish ustida ish olib bormoqdamiz, ular umumiy xodimlar sonini 60% ga va har bir smenadagi konchilar sonini 10-20% ga kamaytirish imkonini beradi. Bizning elektron tizimlarimizga ko'mir sanoatida talab katta. Ushbu sohani qo'llab-quvvatlash orqali biz o'z biznesimizni rivojlantirmoqdamiz va konlarda ishlab chiqarish samaradorligi va xavfsizligini oshirmoqdamiz. Tez orada konchilar ishga kostyum kiyib borishlari mumkin bo’ladi va Shansidagi kon uskunalarini ishlab chiqaruvchilar esa rivojlanadi”.
02 Den Martin, AFP: “Janob Jen, Siz bilan uchrashish imkoniyati uchun minnatdorchligimni bildiraman. Tog'-kon sanoati mavzusi, albatta, e'tiborga loyiqdir va biz bu haqda ko'proq ma’lumot olishni istar edik. Biroq, men biroz orqaga qaytishni istar edim. Bilishimcha, sizning xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan uchrashuvingizdan buyon bir yil o'tdi. Shu vaqt ichida ko'plab voqealar sodir bo'ldi. Yaqinda Huawei telefonlarini etkazib berish to'g'risida yangiliklar paydo bo'ldi va ular sizning 5G tarmog'ingizni Yevropada kengaytirish uchun eng yoqimli yangiliklar emas. Iltimos, aytingchi, bir yil avval siz Huaweining ushbu qiyinchiliklarni yengib o’tishiga ishonchingiz komil edi. Bu ishonch hali ham saqlanib qolayaptimi? Yoki endi yoqmi? Va nima uchun? "
Jen: «Bugun men Huawei ushbu sinovlardan matonat bilan o’tishiga yanada ko'proq ishonaman, chunki bizda yanada ko'proq imkoniyatlar paydo bo’ldi. Bizning sotuvlardan olgan daromadimiz va foydamiz 2020 yilda 2019 yil ko'rsatkichlaridan oshib ketdi. Agar vaqtingiz bo'lsa, bizning 5G xizmatlarimizdan foydalanayotgan Ninbo porti, Shenchjen aeroporti, Dubay xalqaro aeroporti va Germaniyadagi avtomobil zavodlariga tashrif buyuring va biz ularning rivojlanishiga qanday yordam berayotganimizni o’z ko’zingiz bilam ko’rasiz. Ko'plab mijozlar hali ham bizga ishonadi.
Shuningdek, biz “Nannivan” nomli dasturni ishga tushirdik. Boshqa mamlakatlardan kelgan odamlar bu havolani tushunmasligi mumkin, ammo umuman olganda, so’z ishlab chiqarishda o'z-o'ziga yetarlilik kontseptsiyasi haqida boradi. Ushbu dastur ko'mir qazib olish, metallurgiya va musiqa sohasida, shuningdek televizorlar, kompyuterlar va planshetlar kabi tovar toifalari bo'yicha muhim yutuqlarga erishishga imkon beradi.
Bizning yuqori texnologiyali telefonlarni yetkazib berishimiz mikrosxemalarni yetkazib berishning yo’qligi sababli kamaydi. Ammo biz Apple kompaniyasining iPhone 12ni ishlab chiqarishda erishgan yutug’ini qo'llab-quvvatlaymiz. iPhone 12ga ma’lumotlarni yuklab olish tezligi 1,82 Gbit/s ni tashkil qildi va bu uni ushbu ko’rsatkich bo’yicha dunyodagi eng yaxshi qurilmaga aylantiradi. Ko'pgina yevropalik premium sinfidagi qurilmalardan foydalanuvchilar iPhoneni afzal ko'ridilar. Va bu telefonlarning Yevropadagi bizning tarmoqlarimizda qanday ishlayotgani bizning ishlarimiz amalda yaxshi ketayotganini isbotlaydi. Biz dunyoning ko'plab shaharlarida, shu jumladan Berlin, Myunxen, Madrid, Tsyurix, Jeneva, Amsterdam, Vena, Barselona, Seul, Bangkok, Gonkong, Er-Riyodda eng yaxshi 5G tarmoqlarini qurishda yordam berdik. Bizning Yevropadagi tarmoqlarimiz global tarmoqlarning samaradorligi sinovlarida eng yaxshi ko'rsatkichlarni namoyish etmoqda. Iste'molchilar bizning Yevropadagi 5G tarmoq infratuzilmamizda iPhone 12ning barcha afzalliklaridan foydalana olishlari uning sifatining isbotidir. Bu Yevropada Huaweiga nisbatan munosabatlarni to’g’rilashga yordam beradi.
5Gni qo’llash sohasi haqida gap ketganda, aksariyat AKT kompaniyalari tog'-kon sanoatini bozorda katta yutuqlarga erishish mumkin bo'lgan soha deb bilishmaydi. Ammo biz boshqacha fikrdamiz. Xitoyda 5300 ga yaqin ko'mir koni va 2700 ga yaqin ma'dan koni mavjud. Agar biz ushbu 8000 dan ortiq konga sifatli xizmat ko'rsatadigan bo'lsak, biz Xitoydan tashqarida o'z xizmatlarimiz qamrovini kengaytira olamiz. Yana bir bor men sizni biz yuklash-tushirish va tashishning deyarli to'liq avtomatlashtirilgan jarayonlarini joriy qilishga yordam bergan Tyantszin portiga tashrif buyurishga chaqiraman. Umid qilamanki, tog'-kon sanoati sohasida ham shunday yutuqlarga erishamiz. Qazib olish jarayonlarini avtomatlashtirish Kanada va Rossiyaning arktik mintaqalaridagi tog'-kon korxonalariga sezilarli darajada yordam berishi mumkin. Og’ir iqlim sharoiti tufayli bu o’simliklarsiz hududlarda yashashni istaganlar kam. Natijada, u yerdagi resurslardan juda samarasiz foydalanilmoqda. Agar biz resurslardan foydalanishni avtomatlashtira olsak, butun dunyo bundan foyda ko'radi. Nima uchun biz Shansidan boshlashga qaror qildik? Chunki Shansi hukumati bu masalada tashabbus ko’rsatdi. Agar biz Shansida muvaffaqiyat qozonsak, olingan tajribani butun dunyoda joriy qilish mumkin bo’ladi.
Shuning uchun javobim “ha”. Biz hatto telefon sotuvlariga umid bog’lamagan holda ham omon qolamiz ”.
03 Arjun Xarpal, CNBC: “Janob Jen, bugun biz bilan birga bo'lganingiz uchun katta rahmat. Sizni yana ko'rganimdan xursandman. Sizdan shuni so'ramoqchiman: oxirgi uchrashuvimizdan beri AQSh ma'muriyatining tarkibi o'zgardi va Prezident Bayden Xitoyga nisbatan tutilgan juda qattiq yo’lni davom ettirishini, ammo ehtimol, hamkorlik qilishga ko'proq tayyor bo'lishi mumkinligini aytdi. Bayden ma'muriyatiga nisbatan ichki siyosatingizni qanday shakllantirasiz? Siz uning Huawei bilan hamkorlikka bo'lgan munosabatini o'zgartirishiga tayyorlanayapsizmi? Sizningcha, yangi prezident avvalgi ma'muriyat tomonidan Huaweiga qarshi joriy qilingan sanksiyalarni bekor qiladimi?”
Jen: “Birinchidan, savdo har ikki tomon uchun ham foydalidir. Xitoylik xaridorlarga Amerika kompaniyalari tomonidan tovarlarni yetkazib berish ushbu kompaniyalarning o’z moliyaviy ko'rsatkichlariga foydali ta'sir ko'rsatadi. Huawei ishlab chiqarish quvvatarining kengayishi AQSh kompaniyalari ko'proq sotishi mumkinligini anglatadi. Bu har ikki tomon uchun foydali holatdir. O'ylaymanki, yangi ma'muriyat o'z siyosatida ushbu jihatlarni hisobga oladi. Biz hali ham Amerika butlovchi qismlarini, ehtiyot qismlarini va uskunalarini sotib olishga umid qilamiz. Bu Amerika kompaniyalariga ham Xitoy iqtisodiyoti bilan bir qatorda rivojlanish imkonini beradi.
18-asrning o'rtalarida Buyuk Britaniya Amerika Qo'shma Shtatlariga nisbatan yopiq siyosatni qo'llay boshladi, natijada AQSh jahondagi eng qudratli mamlakatga aylandi. Bugun AQSh bizni to'sib qo'ymoqda. Qanday natijani kutish kerak? Biz biznes bilan shug'ullanamiz va bizni siyosat bilan shug’ullanish qiziqtirmaydi. Biz o'z mahsulotlarimizni ishlab chiqarish bilan to'liq bandmiz. Aynan bizning mahsulotlarimizning yuqori sifati tufayli dunyodagi ko'plab mijozlar bizni qo'llab-quvvatlashni davom ettirmoqda va biz ushbu qiyin 2020 yilni yengishga muvaffaq bo'ldik. Biz mijozlarimizga birinchi darajali xizmatlarni taqdim etishda va ular uchun qo'shimcha qiymat yaratishda davom etamiz. Biz ularning ishonchini saqlab qolishga intilamiz va umid qilamizki, bunga bosimning siyosiy omillari ta'sir qilmaydi. Umid qilamanki, AQShning yangi ma'muriyati Amerika kompaniyalari va umuman Amerika iqtisodiyoti manfaatlari yo'lida yanada ochiqroq siyosat olib boradi.
AQShning ba’zi siyosatchilari 5Gning global miqyosdagi ta'siridan xavotirlik bildirmoqdalar. Men ilgari va'da qilganimdek, biz nafaqat ishlab chiqarish uchun litsenziyalarni, balki barcha 5G texnologiyalarimizni bera olamiz. Agar AQSh buni so'rasa, biz dastlabki dasturlardan boshlab to apparat ta’minoti nou-xaulari va mikrosxemalar arxitekturasigacha hamma narsani topshiramiz. Men hazil qilmagan edim, ammo Amerikaning biron bir kompaniyasi bu taklifga javob bermadi. Umid qilamanki, sizning yordamingiz bilan biz ushbu ma'lumotni AQSh kompaniyalariga yetkazamiz. Agar ular muzokaralarga tayyor bo'lsa, biz muloqotni boshlashdan hursand bo'lamiz. "
04 Devid Kerton, Reuters: “Biz bilan uchrashishga rozi bo'lganingiz uchun rahmat. Brend alohida korxona sifatida ajralib chiqqanidan keyin Honor kompaniyasi mikrosxemalarni yetkazib berishni qayta tikladi. Huawei o'zining bo'linmalari yoki biznes yo'nalishlaridan birini alohida kompaniya sifatida ajratib chiqarish imkoniyatini ko’rib chiqayaptimi?"
Jen: “Honor brendining alohida kompaniya sifatida ajralib chiqishi birinchi navbatda tarkibiy qismlarni yetkazib beruvchilar va savdo sheriklariga yordam berish uchun mo'ljallangan. Agar Honor brendi yetkazib beruvchilardan ehtiyot qismlar va tarkibiy qismlarni sotib ololmaganida edi, butun dunyo bo'ylab yetkazib beruvchilar zarar ko'rishi mumkin edi. Agar yakuniy mahsulotni tarqatish bo'yicha savdo sheriklariga yetkazib berishning imkoni bo'lmaganida edi, ushbu sotish kanallari yo'q bo’lib ketar edi. Yuzlab odamlar ish o’rinlaridan ayrilar edi. Honor brendining ajralib chiqishi bozordan tashqaridagi vaziyatning o’zgarishiga javoban qabul qilingan majburiy qaror bo'ldi.
Huawei yangi Honor kompaniyasining bitta ham aktsiyasiga ega emas. Honorning ishlab chiqarish quvvatlari qanchalik ko'p bo'lsa, Huawei smartfonlari uchun shunchalik kamroq joy qoladi. Biroq, biz o’zimizning yetkazib beruvchilarimiz, savdo sheriklarimiz va yakuniy foydalanuvchilarimiz ehtiyojlarini to'liq anglashimiz kerak. Biz nafaqat o'z manfaatlarimiz yo’lida, balki ularning manfaatlari yo’lida harakat qilishimiz kerak. Va bu vaziyatda biz improvizatsiya qilishga majbur bo’lmoqdamiz".
05 Lyu Juytsyan, Shanxi Daily: «Salom, janob Jen. Men Shanxi Daily gazetasining vakiliman. Men Huawei kompaniyasiga Shansi provintsiyasining rivojlanishiga qo'shgan salmoqli hissasi uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Intellektual ko'mir konlari innovatsion laboratoriyasi Huaweining global miqyosda mavjud bo'lish haqidagi kontseptsiyaga qanday mos kelishini aytib bera olasizmi? Laboratoriya taxminan qanday ahamiyatga ega bo’ladi va uning vazifasi nimadan iborat? Bu Shansining rivojlanishiga qanday ta'sir qiladi? Huawei kelajakda Shansida o'z biznesini qanday qilib rivojlantirishni rejalashtirmoqda? Rahmat! "
Jen: «Biz 100 dan ortiq tadqiqot markazi va qo’shma laboratoriyani ochdik; ularning aksariyati matematika, fizika, kimyo, biologiya va estetika kabi sohalarga ixtisoslashgan. Mijozlarimiz bilan birgalikda tashkil etilgan ushbu laboratoriyalarning bir qismi amaliy tadqiqotlar bilan shug'ullanadi. Masalan, telekommunikatsiya kompaniyalari bilan birgalikda biz ushbu sohadagi mijozlarning ehtiyojlarini o'rganish uchun laboratoriyalar tashkil qildik. Hozirgi vaqtda biz tog'-kon sanoati va transport sohalari, shu jumladan aeroportlar va dengiz portlari uchun qo'shma laboratoriyalar tashkil qilish orqali o’z faoliyatimiz ko'lamini kengaytirishga harakat qilmoqdamiz. Bular amaliy tadqiqot laboratoriyalaridir.
Innovatsion laboratoriya birinchi navbatda Shansi provinsiyasidagi ko'mir va boshqa foidali qazilmalarni qazib olish korxonalarini qo'llab-quvvatlaydi. Kelajakda avtonom haydash texnologiyasi bizga ochiq konlarda qazib olish ishlarini avtomatlashtirishga yordam beradi. Shansida ko'mir qazib olish rivojlangan va ko'mir konlarining aksariyati mexanizatsiyalashtirilgan. Hatto bir nechta to'liq avtomatlashtirilgan kon mavjud. AKTning joriy etilishi kon qazish ishlarini intellectual boshqarishni amalga oshirishga yordam beradi. Masalan, bugungi kunda Shansidagi konlarda gaz portlashlarining oldini samarali ravishda oladigan qurilmalar mavjud, ammo ularning ishlashi uchun to'rtta kabel kerak: ikkita quvvat kabeli va ikkita signal kabeli. Texnologiyamizni ishga tushirish bilan gaz detektorlari ma’lumotlarni simsiz tarmoq orqali uzatib, kabellarsiz ishlay oladi. Bizning qurilmalarimiz tok kuchi 6 mA gacha bo'lgan akkumulyatorlarda ishlashga qodir, bu esa amaldagi xavfsizlik standartlariga to'liq mos keladi.
Bu shuni anglatadiki, gaz detektorlarini konning istalgan joyiga o'rnatish mumkin bo’ladi. Kon kombaynlari odatda simli detektorlarga ulanadi. Bu kombaynlarning oldinga siljish tezligini pasaytiradi, chunki simlarni doimo qayta ulashga to’g’ri keladi. Kon kombaynlarini gaz detektorlariga simsiz ulab qo'yish samaradorlikni oshirishga imkon beradi. Bunday gaz detektorlarining akkumulyatorlari ixcham o’lchamlari va kam energiya sarflashi bilan ajralib turadi. Akkumulyatorlarni har 12-18 oyda bir marta almashtirish talab qilinadi. Portlashlarning oldini olish tizimini ishlab chiqar ekanmiz, biz Shansidagi ko'mir konlari mutaxassislari bilan yaqin hamkorlik qilmoqdamiz. Bu tizim dunyoning barcha burchaklaridagi ko'plab muammolarni hal qilishga yordam beradi.
06 Chjao Dunxuey, “Sinxua” axborot agentligi: «Huawei kompaniyasi ko'mir sanoati korxonalari uchun korpusli operatsion model deb ataluvchi modelni moslashtirdi. Siz ushbu modelni boshqa sohalarda - aeroportlarda, dengiz portlarida, metallurgiya zavodlarida qo'llashni kengaytirasizmi? Va bu Huawei yangi biznes yo'nalishlarini rivojlantirishni rejalashtirayotganini anglatadimi? Men shaxsan Sizga aloqador bo’lgan savolni ham berishni istardim. Siz anchadan beri kompaniya manfaati uchun astoydil mehnat qilayapsiz. Siz qachon munosib iste’foga chiqishni rejalashtirayapsiz? "
Jen: «Ushbu model ko'mir sanoati bilan cheklanib qolmaydi. Korpus modeli nima ekanligini tushuntirib beray. Biz ushbu kontseptsiyani Googledan olganmiz. Aslini olganda, korpus fundamental tadqiqotlarda ishtirok etayotgan olimlarni, texnik mutaxassislarni, mahsulot bo'yicha mutaxassislarni, muhandislarni, sotish, yetkazib berish va xizmat ko'rsatish bo'yicha mutaxassislarni yagona jamoaga birlashtiradi. Bu yangi mahsulotlarni tezroq bozorga chiqarishga imkon beradi. Bunday model kompaniyamiz faoliyatini rivojlantirishni yanada puxta rejalashtirishga va faoliyatimizning umumiy samaradorligini sezilarli darajada oshirishga yordam beradi.
.
Bir qator portlarda allaqachon yangi texnologiyalarni keng miqyosda joylashtirish amalga oshirilgan, ammo biz birinchi marta aynan ko'mir sanoatida korpus modelini amalga oshirdik. Bizning yechimlarimiz tufayli dispetcherlar ishining samaradorligi sezilarli darajada oshgan Shenchjen, Shanxay va Dubaydagi aeroportlarga tashrif buyuring.
Yutuqlarimiz to’g’risida gapirib berishga ijozat bering. Masalan, momaqaldiroq paytida yoki odatdagi ishlarni izdan chiqaradigan boshqa favqulodda vaziyatlarda aeroport xizmatlari xodimlari jo'nab ketadigan parvozlar uchun teletraplarni ko'chirishga majbur bo’ladi. Ilgari buning uchun xodimlarning bir necha soatlik jismoniy mehnati talab qilinar edi. Biz bu vaqtni sanoqli soniyalargacha kamaytirishga va shuningdek samolyotning uchish yo’lagiga chiqish vaqtini ikki daqiqaga qisqartirishga yordam berdik. Biz mana shunday yangiiklarni amalga oshirishga muvaffaq bo'ldik.
Shuningdek, Syantan shahar okrugidagi Hunan Valin metallurgiya zavodiga tashrif buyurishingiz mumkin. Unda pechlar va prokat dastgohlarining ishlashi to'liq avtomatlashtirilgan. Po'latni eritish va prokat qilish jarayonlari boshqaruv xonasidan - kostyum va galstuk kiygan xodimlar kuchlari bilan amalga oshiriladi. To’ldirilgan va virtual reallik texnologiyalari joriy qilinganidan so'ng, pechdagi kimyoviy reaktsiyalarni maxsus ko'zoynaklar orqali kuzatish mumkin bo'ladi; tekshirish va sinash uchun materiallarni pechdan chiqarib olish talab qilinmaidi. Bu ishlab chiqarish samaradorligini va qotishma sifatini sezilarli darajada yaxshilashga imkon beradi. Shunday qilib, bir qator po'lat quyish zavodlarida avtomatlashtirish texnologiyalari tatbiq etilganidan so'ng, ularni ko'mir sanoati korxonalarida amalga oshirish ancha osonlashdi.
Xuddi shu narsa portlarga ham taalluqlidir. Biz Ninbo porti va Shenchjendagi Shekou porti mutaxassislariga aksariyat operatsiyalarni avtomatlashtirishda yordam berdik. Ushbu tarmoqlarda korpus modelini joriy etish bo'yicha rejalarimiz unga bo'lgan talabning qanchalik yuqori bo'lishiga bog'liq. Masalan, aeroportlarda va portlarda modelni tatbiq etish asosan hal qilinishi nisbatan oson bo’lgan matematik muammoga aylanadi. Biroq, ko'mir sanoatida kimyo va fizika ham jalb qilinadi. Va bular bizning kompaniyamiz uchun tubdan yangi vazifalardir.
Shuningdek, biz musiqa xizmatlari uchun korpus modelini amalga oshirdik. Ko'pgina iste'molchilar o’zlari tinglaydigan musiqa sifatidan norozi. Nima uchun, deb so'raysizmi? Qaytadan eshittirilayotgan musiqa keng diapazondagi chastotalarni qamrab oladi. Konsert zaliga borganimizda biz eng past chastotalardan to eng yuqori chastotalargacha bo’lgan barcha chastotalarni eshitamiz. Biroq, elektron qurilmalarda musiqa qaytadan eshittirilayotganida chastotalar kengligi polosasi ko’pincha cheklanadi, chunki uzatilayotgan yozuvlar kichik ma'lumotlar paketlariga siqib qo'yilishi kerak bo’ladi. Bunday holda, eng past va eng yuqori chastotalar oddiygina chiqarib tashlanadi, bu esa ovoz sifatiga salbiy ta'sir qiladi. O’ta keng polosali aloqa texnologiyalari sadolanishning eng nozik farqlarini yetkazib berish va tinglovchilarga musiqaning tengi yo’q sifatidan zavqlanish imkonini beradi.
Quloqchinlarimizning tuzilishi aslida musiqa tinglashda nafaqat o'rta quloq bo'shlig'ini, balki inson qulog'ini o'rab turgan butun suyak tuzilishini jalb qilishga imkon beradi. Ushbu yangilik musiqiy xizmatlarni rivojlantirish masalalari bo’yicha korpus tomonidan olib borilgan ishlar tufayli amalga oshirildi; bu yangilik doirasida ko'plab ilmiy mutaxassislarimiz akustika kabi sohalarda keng ko’lamli tadqiqotlar olib bordilar va ko'plab innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqdilar.
Musiqa xizmatlari haqida gap ketganida shuni ta’kidlash kerakki, Applening sifati hali ham tengsiz bo’lib qolmoqda. Apple kompaniyasi quloqchinlarni sotishdan har yili 20 milliard dollar daromad oladi. Bizning hisob-kitoblarimizga ko'ra, Huaweining quloqchinlarni sotishdan oladigan yillik daromadining Apple darajasiga yetishi ehtomoli juda kam, ammo biz baribir uni 10 milliard AQSh dollariga yetkazishni va 3 milliard dollardan oshiq sof daromad olishni rejalashtirmoqdamiz. Biroq, bugungi kunda Apple ushbu sohada yetakchi bo'lib qolmoqda. Bu haqiqatan ham buyuk kompaniyadir.
Qisqa qilib aytganda, ma'lum bir kompaniya uchun operatsion korpus modelini joriy etish imkoniyati asosan olimlarni birlamchi ishlanmalarga jalb qilish zarurligiga bog'liq. Agar olimlarning ishtiroki zarur bo'lsa, unda biz korpus modelini joriy qilamiz. Aks holda, biz hozirda qo'llanilayotgan standart matritsa modelidan foydalanishda davom etamiz.
07 Chjao Dunhuey, “Sinxua” axborot agentligi: "Siz qachon nafaqaga chiqishni rejalashtirayapsiz?"
Jen: “To’g’risini aytganda, men uchun savol nafaqaga chiqish imkoniyatidan emas, balki nafaqada men nima bilan shug’ullanishimdan iboratdir. Rafiqam menga har kuni choy ichishdan zavqlanishim mumkinligini aytadi. Yaxshi, ertalab men buni qilishim mumkin. Ammo kechqurun choy ichsam, tunda uxlab qolishim ehtimoldan yiroq bo’ladi. Shunday qilib, men o'zimni nafaqaxo'r sifatida tasavvur qila olmayman, shuning uchun, ehtimol, hozircha Huaweidagi lavozimimda qolaman. Ehtimol, siz menga nima bilan shug’ullanishim mumkinligi haqida bir nechta fikrni taklif etishingiz mumkin bo’lar. Haqiqatan ham menning bo'sh vaqtimni mamniniyat bilan bag’ishlaydigan sevimli mashg'ulotim yo'q.
08 Seliya Chen, SCMP: «Huawei rahbariyati 2020 yil boshida kompaniyaning maqsadi “omon qolish” ekanligi to’g’risida gapirgan edi. Biroq, kompaniya hali ham o'zini a’lo his qilmoqda. Hozir, 2021 yilda, rahbariyat qanday maqsadlarni qo'ymoqda? Keyingi 3 yil ichida muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun kompaniya birinchi navbatda nimaga ehtiyoj sezmoqda? Agar kompaniyada 3 yil davomida ko'plab olimlarni o'z loyihalariga jalb qila olish yoki darhol Tashkilotlar ro'yxatidan chiqarib tashlanishdan birini tanlash imkoniyati bo’lganida edi, Siz qaysisini tanlagan bo’lar edingiz?"
Jen: “AQSh hukumati bizning kompaniyamizni Tashkilotlar ro'yxatidan chiqarib yuborishi men uchun ehtimoldan juda uzoq tuyuladi. Men buning bo’lishi mumkin emas deb aytmagan bo'lardim, ammo buning ehtimoli juda kam. Aslida biz bu holatni umuman ko'rib ham chiqmayapmiz. Biz mijozlarimiz ishonchini qozonish uchun sifatli mahsulotlar va yechimlar yaratishda davom etishimiz kerak. Biz butun dunyodan olimlarni o'z jamoamizga qabul qilishdan xursand bo'lamiz va o’tkir aql egalarini qo'llab-quvvatlashga tayyormiz. Hozircha biz faqat yanada astoydil ishlashni va kompaniya uchun omon qolishning yangi usullarini topishni xohlaymiz. Buning uchun aynan ko'mir sanoati korxonalari juda yaxshi imkoniyat beradi. Dunyo bo'ylab o'nlab milliard dollar foyda keltirish imkoniyatiga ega bo'lgan juda ko'p miqdordagi ko'mir konlari mavjud. Tasavvur qiling, biz bunday miqdordagi mablag’ga ega bo’lsak qancha odamlarga yordam bera olgan bo’lar edik."
09 Arjun Xarpal, CNBC: «Janob Jen, men mikrosxemalar to’g’risida savol bersam bo’ladimi? Ayni paytda, siz ilgari aytganingizdek, Huaweining smartfonlarni ishlab chiqaruvchi bo'linmalari mikrosxemalar ta’minotidan mahrum. Siz ushbu yo'nalishda qanday choralarni ko'rmoqdasiz? Siz mikrosxemalar ishlab chiqaruvchilarni rivojlantirishga sarmoya kiritayapsizmi? Balki Siz bunday kompaniyani sotib olishni rejalashtirayotgandirsiz? Va siz TSMC kompaniyasi ta'minotidan uzilib qolganingizni hisobga olgan holda, Siz uning qanday muqobilini ko'rayapsiz? Ehtimol, MediaTek premium segmentidagi smartfonlar uchun mikrosxemalarni yetkazib berishi mumkindir? Va shu mavzu bo'yicha yana bir savol: Huawei smartfonlar ishlab chiqarishni davom ettirishni rejalashtirayaptimi? Yoki siz xuddi Honor bilan bo'lganidek, ushbu biznes yo'nalishingizni sotmoqchimisiz?"
Jen: “Birinchidan, AQSh hukumati o'z mamlakatidagi mikrosxemalarni ishlab chiqarishga yaqindan nazar tashlasa yaxshi bo’lar edi. Amerika Qo'shma Shtatlari mikrosxemalarni ishlab chiqarishga umid bog’lamoqda, shinigdek, Yevropa va Yaponiyada ham bunga xuddi shunday ahamiyat beriladi. Yaqinda dunyo ko'chmas mulk bilan allaqachon sodir bo'lganidek, mikrosxemalarning haddan tashqari ko'pligiga duch keladi. Biz mikrosxemalarni ishlab chiqarishga sarmoya kiritmoqchi emasmiz. Qumni kremniyga aylantirish bizning yo’nalishimiz emas. Biz matematik algoritmlarning ustasimiz. Va bundan tashqari, biz globallashuv imkoniyatlariga tayanamiz. Biz globallashuv g'oyalaridan voz kechmaymiz va eng og'ir sanktsiyalar va boshqa to'siqlarga qaramay, o'z biznesimizni aynan shunday tarzda olib boramiz. Bir kun kelib bozor mikrosxemalar bilan to'lib toshgan bo'ladi va men bizdan ularni sotib olishimizni o’tinib so’raydilar deb garov o’ynashga tayyorman.
Ikkinchidan, qurilmalar faqat mobil telefonlar bilan cheklanib qolgan deb o'ylash kerak emas. Odamlar yoki obyektlar o'rtasidagi aloqani ta'minlaydigan mutlaqo hamma narsa qurilmadir. Ular sirasiga haydovchisiz boshqariladigan avtomashinalar uchun lazer, ultratovush va doppler radiolokatorlari, maishiy gaz va suv hisoblagichlari, televizorlar va xavfsizlik tizimlari kiradi. Uyali telefonlar barcha qurilmalarning kichik bir qisminigina tashkil qiladi. Huawei o’zining 5G texnologiyalarini kelajakda boshqa kompaniyalarga berishi mumkin, ammo biz hech qachon o’zimizning qurilmalar ishlab chiqarish biznesimizni sotmaymiz.
10 Devid Kerton, Reuters: “Bizning tushunishimizcha, sizning qizingiz Men Vanchjou manfaatlarini himoya qiluvchi bir guruh mutaxassislar AQSh prokuraturasi bilan muloqot olib bormoqda. Uning bu yil qaytib kelishi mumkinligini kutish uchun asosingiz bormi? Uning kompaniyadagi kelajagi qanday? "
Jen: "Men Vanchjou ishiga kelsak, hozircha Kanadadagi sud jarayoni hali ham davom etmoqda."
11 Lyu Juytsyan, Shanxi Daily: “Janob Jen, hozirgi kunda Shansi hukumati yuqori malakali texnik mutaxassislarning ishtirokini talab qiladigan energetika sohasini isloh qilish bo’yicha keng qamrovli pilot dasturini boshladi. Huawei Shansida texnik ekspertizani rivojlantirish dasturini amalga oshirishda yordam berishni rejalashtirayaptimi? "
Jen: "Biz hozircha Shansi provinsiyasini rivojlantirishga qo'shimcha sarmoyalar kiritish istiqbollarini ko'rib chiqmadik."
12 Seliya Chen, SCMP: «Huawei hozirgi vaqtda o'z biznes portfelini keng ko’lamli qayta ko'rib chiqayotganini hisobga olsak, kompaniya rahbariyati tarkibida o'zgartirishlar rejalashtirilayaptimi? So’nggi paytlarda matbuotda Erik Syuy Huaweini tark etishga tayyor ekanligi haqida xabarlar tarqaldi. Bu haqiqatmi yoki shunchaki mish-mishlarmi? Kompaniyaning biznes portfeli bilan birga Huawei rahbariyati tarkibi ham o'zgaradimi? "
Jen: «Biz Huawei rahbariyati tarkibida hech qanday jiddiy o'zgarishlarni rejalashtirmayapmiz. Ehtimol, operatsion modelning o'zgarishi sababli bir qator kadrlarning o’rni o'zgarishi mumkin bo’lar. Masalan, ko'mir sanoatini rivojlantirish masalalari bo’yicha korpus raisi ilgari Huawei kompaniyasining Janubiy Amerika bo'linmasining prezidenti bo'lgan. Bu bizning Shansida ko'mir sanoatini rivojlantirishni qo'llab-quvvatlashga bo’lgan niyatimizni yaqqol namoyish etadi.
Erik Syuyning Huaweidan ketishiga kelsak, bu behuda uydirmadan boshqa narsa emas. Biz allaqachon tegishli matbuot bayonotini e’lon qildik".
13 Devid Kerton, Reuters: «Foyda masalasiga to’xtalsak, telefon ishlab chiqarish biznesi zarar ko’rayotganini inkor qilib bo’lmaydi. Sizning fikringizcha, ushbu yangi imkoniyat zararlarni qoplashga yordam beradimi? Agar shunday bo'lsa, bu qanchalik tez ro’y beradi?"
Jen: "Menimcha, bu katta ehtimol bilan 2021 yilda sodir bo'ladi".
14 Seliya Chen, SCMP: “Sizning kichik qizingiz Annabel Yao Men Vanchjou izidan yurmadi va butunlay boshqa sohada kasb yo’lini tanlashga qaror qildi. Qaysi qizingizning tanlovi sizni ko'proq xursand qildi? "
Jen: “Bolalar har doim o'z qiziqishlariga ega bo’lganlar va bo'ladilar. Va ota-onalar ular uchun tanlashga haqli emas. Bolalar o'zlariga yoqadigan har qanday yo'ldan borishlari mumkin. Men shou-biznes haqida deyarli hech narsa bilmas edim. Annabel ushbu sohada ishlay boshlagach, men shundan keyingina artistning hayoti naqadar og'irligini angladim. Biroq, u o’z qaroridan afsuslanmaydi. Va biz, uning ota-onasi, uning hayotiga aralashmoqchi emasmiz”.
15 Devid Kerton, Reuters: "Nima uchun Siz ushbu loyiha to’g’risida bevosita Xitoy Yangi yilidan oldin e'lon qilishga qaror qildingiz?"
Jen: “Bu ataylab qilinmadi. Biz bor-yo’g’i o'z rejalarimizni Shansi provintsiyasi hukumatining jadvali bilan muvofiqlashtirishimiz kerak edi. Men anchadan beri ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashmagan edim, shuning uchun men matbuotdagi bir necha do'stlarim bilan uchrashish uchun fursatdan foydalanib qolishni xohladim. Shuning uchun fursat biror asossiz tanlandi".
16 Chjao Dunxuey, “Sinxua” axborot agentligi: "Siz diversifikatsiya to'g'risida gapirishdan atayin qochayapsiz degan taasssurot paydo bo’layapti".
Jen: “Huawei kompaniyasi hech qachon diversifikatsiyaga qo’l urmaidi. Biz har qanday tarmoqni rivojlantirish uchun teng imkoniyatlar yaratadigan platformani taklif qilamiz. Biz ko'mir sanoati korxonalariga taklif etayotgan imkoniyatlar telekommunikatsiya va transport sohalariga taklif etayotgan imkoniyatlardan asosan hech ham farq qilmaydi. Yagona farq shundan iboratki, ko'mir konlarida hozircha ushbu platformadan qanday foydalanishni bilmaydilar, shuning uchun biz ularga ko'proq yordam berayapmiz. Biz ko'proq platformalarni sotayapmiz, ammo bu diversifikatsiya emas. "
17 Seliya Chen, SCMP: “Biz bilan uchrashish uchun vaqt topganingiz uchun rahmat. Agar AQSh prezidenti Jo Bayden sizga qo'ng'iroq qilsa, unga nima degan bo’lar edingiz? "
Jen: “Men bunday qo'ng'iroqdan juda xursand bo'lar edim, lekin u menga qo'ng'iroq qilmadi. Sizda mening elektron pochta manzilim va telefon raqamim bor.
Birinchi navbatda qaysi mavzuni muhokama qilishni istagan bo’lar edingiz?
Jen: “Men u bilan umumiy rivojlanish masalalarini muhokama qilgan bo’lar edim. Qo'shma Shtatlar ham, Xitoy ham o'z iqtisodiyotlarini faol ravishda rivojlantirishlari kerak, chunki bu jamiyat hayoti va mamlakatlarimizning moliyaviy farovonligiga eng ijobiy tarzda ta'sir ko'rsatadi. Bu hamma uchun kerak. Taraqqiyot bir joyda turmaydi va dunyodagi biron bir kompaniya biron bir tarmoqni global miqyosda yakka o'zi rivojlantira olmaydi. Buning uchun sayyoramizning turli burchaklaridagi ko'p sonli kompaniyalarning puxta muvofiqlashtirilgan sa'y-harakatlari talab etiladi.
E'tiboringiz uchun rahmat! Keyingi uchrashuvgacha xayr!