Huawei O‘zbekistonning AKT sohasidagi iste’dodlari uchun ochiq

Продолжая просмотр сайта и(или) нажимая X, я соглашаюсь с использованием файлов cookie владельцем сайта. Batafsil

Huawei O‘zbekistonning AKT sohasidagi iste’dodlari uchun ochiq

2020.06.11

So‘nggi paytlarda biz raqamlashtirish haqida juda ko‘p eshityapmiz. Raqamli iqtisodiyot, raqamli transformatsiya, raqamli jamiyat va shu kabilar. 2020-yil O‘zbekistonda “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilindi, binobarin aynan mana shu uchta tarkib nafaqat bu yil, balki keyingi o‘n yillikda ham mamlakatning rivojlanish strategiyasi va yo‘nalishini ifodalaydi. O‘zbekiston raqamli transformatsiyasining milliy maqsadi – raqamli texnologiyalarni hayotning barcha jabhalarida keng joriy etilishiga erishishdir. Bu shuni anglatadiki, barcha davlat idoralari elektron hukumatga birlashtiriladi, raqamli iqtisodiyot faoliyatning barcha sohalariga kirib bora boshlaydi, Internetga ulanish va undan foydalanish ko‘nikmalarini egallash imkoniyati aholining barcha qatlamlarida mavjud bo‘ladi. Va bunda eng muhimi aholining raqamli xizmatlardan foydalanishga tayyorligini ta’minlash va hozirdanoq malakali kadrlar zaxirasini shakllantirishga kirishishdir. Chunki, raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi bilan raqamli xizmatlarni taqdim etish va ularni aholiga o‘rgatish uchun AKT sohasida ixtisoslashgan bilimlarga ega odamlarga talab muqarrar ravishda oshadi.

Huawei kompaniyasi 20 yildan beri O‘zbekiston hududida o‘z faoliyatini yuritib kelmoqda, mamlakatda AKT sohasidagi muhim loyihalarni amalga oshirmoqda. Kompaniya butun dunyo bo‘ylab 170 ta mamlakat va mintaqalarda o‘z ofislariga ega bo‘lib, ularda qariyb 195 ming xodim ishlaydi va ulardan 96 ming nafari tadqiqot va ishlanmalar sohasida faoliyat yuritadi. Biz texnologik yutuqlarga bor diqqatimizni qaratgan holda, fundamental tadqiqotlarga katta mablag‘larni investitsiya qilyapmiz. Tadqiqot va ishlanmalarga diqqat qaratish bilan birga kompaniya o‘z xodimlarining malakasini doimiy ravishda oshirishga, shuningdek AKT sohasidagi kadrlarni tayyorlashga ham katta e’tibor bermoqda.

O‘tgan yili Huawei kompaniyasining “Seeds for the Future” global ta’lim dasturi o‘zining 10 yilligini nishonladi. Bu yillar davomida ushbu dastur dunyoning 125 ta mamlakati va mintaqalaridan 40 000 nafardan ortiq odamlarni qamrab oldi, 4725 nafar talaba, jumladan O‘zbekistonlik talabalar ham Xitoyda amaliyot o‘tashga muvaffaq bo‘lishdi. Loyihada Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalarining ishtirok etishi allaqachon ajoyib an’anaga aylangan. Loyiha ishtirokchilari universitetni tamomlagach O‘zbekistondagi IT kompaniyalar jamoasiga, shu jumladan Huawei jamoasiga qo‘shilib, o‘zlarining olgan bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda qanday qo‘llayotganliklarini yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Afsuski, bu yil pandemiya tufayli “Seeds for the Future” loyihasining o‘tkazilish shakli o‘zgartiriladi. U onlayn tartibida o‘tkaziladi va masofadan o‘qitish shaklida amalga oshiriladi, lekin shu bilan birga u nafaqat AKT sohasidagi bilimlarni taqdim etishda, balki yoshlarning dunyoqarashini kengaytirishda va ularni yangi yutuqlarga ilhomlantirishda ham o‘zining o‘ziga xosligini saqlab qoladi.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan hamkorlik qilishdan tashqari Huawei, Toshkent shahridagi INHA universiteti talabalariga ham yordam ko‘rsatib keladi. 2016-yilda imzolangan memorandum doirasida 5 nafar talaba Huawei kompaniyasining stipendiyasiga sazovor bo‘ldi. Bu yil shu yigitlar o‘qishni tamomladilar va ayni vaqtda bizning kompaniyamizda amaliyot o‘tamoqdalar, amaliyotdan so‘ng esa, ular Huawei kompaniyasida ishga qabul qilinadilar.

Butun dunyoda pandemiya davom etayotganiga qaramay, Huawei kompaniyasidagi faoliyat va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar to‘xtab qolmadi, xuddi shuningdek xodimlar shtati ham qisqarmadi. Aksincha, bugungi kunda Huawei kompaniyasi o‘z jamoasi safiga tajribali xodimlar kabi universitetlar bitiruvchilarini ham qabul qilishga tayyor. Biz qiziqarli loyihalarni amalga oshirishga, eng yangi texnologiyalar va ishlanmalar bilan ishlashga, doimiy takomillashishga tayyor odamlarni, innovatsion texnologiyalar yordamida O‘zbekiston aholisining hayotini yaxshilash imkoniyatlarini qidiryapmiz. O‘zbekistonda raqamli kelajakni qurish uchun bizga qiyinchiliklarni yenga oladigan va muvaffaqiyatli jamoaning bir qismi bo‘la oladigan, o‘zaro ruhan yaqin odamlar kerak. Bunga qiziqish bildirgan barcha talabgorlar nomzodlarni tanlash mezonlari bilan, shuningdek, Huawei Uzbekistan’da ishlashning o‘ziga xos afzalliklari bilan bizning internetdagi rasmiy sahifalarimiz: www.huawei.uzFacebookInstagramTelegram orqali tanishishlari mumkin.

Huawei kompaniyasi O‘zbekistonda “O‘zbekistonda – O‘zbekiston manfaatlari uchun” shiori ostida o‘z faoliyatini amalga oshirmoqda, buning asosida ham mamlakatda yosh iqtidorlarni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.