Huawei va “Yuksalish” Mo‘ynoq tumanida ekoaksiya o‘tkazdilar
2025 yil 14 aprel kuni Huawei kompaniyasi va “Yuksalish” harakati “Bir million daraxt” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanidagi ikkita hudud — “Оq kеmа” bоlаlаr orоmgоhi hamda 13-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida mevali daraxt ko‘chatlarini ekdi. Aksiya davomida 200 ta daraxt ekildi.
“Yuksalish” harakati, Huawei kompaniyasi, xalqaro va mahalliy tashkilotlar, turli nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari va ekoko‘ngillilar har yili birlashib, “Bir million daraxt” loyihasi doirasida ekologik aksiyalarni o‘tkazadilar. Loyiha mobaynida butun Oʻzbekiston boʻylab 4 milliondan ortiq daraxt va butalar ekilgan. So‘nggi yillarda Adiblar xiyobonida, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazida (RBIMM), Toshkent shahridagi 20 ta maktabda, Do‘stlik bog‘ida, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida, Bolalar milliy tibbiyot markazida, Toshkent xalqaro ta’lim universitetida hamkorlikda ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi, shuningdek “Biz toza Botanika bog‘i tarafdorimiz!” aksiyasi tashkil etildi.
“Yuksalish” harakati raisining o‘rinbosari Jahongir Turaxanov mazkur aksiyaning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi: “Daraxt ekish uchun maktabgacha ta’lim muassasasi hududini tanlaganimiz bejiz emas. Bu nafaqat ekologik, balki tarbiyaviy ahamiyatga ham ega. Bog‘cha tarbiyalanuvchilari bitta daraxtni ekib, hosilga kirgunicha parvarish qilish insondan kuch va mehnat talab qilishiga guvoh bo‘lishadi va bu ularda tabiatga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish ko‘nikmalarini shakllantiradi, degan umiddamiz. “Yuksalish” harakati har yili shunday tashabbuslarni amalga oshirib, yashil hududlarni kengaytirishga hissa qo‘shishda davom etadi.”
“Biz texnologik kompaniya bo‘lganimiz sababli, energiya tejaydigan innovatsiyalar orqali barqaror kelajakni yaratish tamoyillari biz uchun juda muhimdir. Biz doimiy ravishda kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tishning maqbul usullarini o‘rganamiz va tadqiqot va ishlanmalarga sarmoya kiritamiz. Ammo yashil texnologiyalarni joriy etishdan tashqari, biz iqlim o‘zgarishi ta’siriga qarshi kurashda hamkorlar va jamiyat bilan hamkorlik qilish muhimligini ham tushunamiz. “Yashil O‘zbekiston” tashabbusini davom ettirib, 2020 yildan boshlab biz birgalikda ekologik vaziyatni yaxshilashga hissa qo‘shishga intilamiz”, dedi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha menejer Aleksandra Nabiyeva.
2020-yildan boshlab Huawei kompaniyasi o‘zining “Yashil O‘zbekiston” (Green Uzbekistan) tashabbusi doirasida “yashil” loyihalarni amalga oshirmoqda. Tashabbus atrof-muhitni qo‘llab-quvvatlash va tabiiy resurslarni saqlash uchun innovatsion texnologiyalarni joriy etishni, shuningdek, ko‘chatlar va daraxtlarni ekish va yashil maydonlarni parvarish qilish bo‘yicha ijtimoiy faoliyatni birlashtiradi. “Green Uzbekistan” ishga tushirilgandan beri kompaniya BMTning “Yashil Orol dengizi” (Green Aral Sea) rivojlanish dasturi tashabbusiga qo‘shildi va Orol dengizi tubiga 40 000 saksovul ko‘chatlarini ekishni qo‘llab-quvvatladi. Kompaniya xodimlari o‘z oila a’zolari bilan birgalikda “Bir million daraxt” loyihasining aksiyalarida faol ishtirok etadilar, shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlarning ekologik tashabbuslariga qo‘shiladilar.