Продолжая просмотр сайта и(или) нажимая X, я соглашаюсь с использованием файлов cookie владельцем сайта. Batafsil

Huawei va Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi memorandum imzoladi

2022.05.24

2022-yil 23-may kuni O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi o‘rtasida elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini samarali tatbiq etishda hamkorlik qilishga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi.

Huawei kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori janob Chen Szyakay va Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi direktori Aziz Muhitdinov o‘rtasida elektron hukumatni rivojlantirish va raqamli iqtisodiyotni shakllantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda, shuningdek, konsalting yordamini ko‘rsatish, tajriba almashish va soha mutaxassislarini o‘qitish rejalari ham muhokama qilindi.

«Markazimiz faoliyatining asosiy yo‘nalishi zarur infratuzilmani yaratish va elektron hukumatning to‘laqonli ishlashi uchun yagona texnologik yondashuvni ishlab chiqishdan iborat bo‘lib, bu aholi uchun davlat xizmatlarini raqamlashtirish jarayonini tezlashtiradi. Huawei kompaniyasi bilan bulutli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ilg‘or tajriba va bilim almashish elektron xizmatlar ko‘rsatish usullarini o‘z vaqtida ishlab chiqish, shuningdek, mamlakatimizda IT-xodimlarning malakasini oshirishga xizmat qiladi», — dedi Aziz Muhitdinov.

«Huawei aloqa tarmoqlarini qurish bo‘yicha 30 yillik, shuningdek, ma’lumotlar markazlarini qurish yo‘nalishida katta tajribaga ega. O‘zbekistonda raqamlashtirish jarayoni jadal olib borilayotganini hisobga olsak, o‘z-o‘zidan ma’lumotlar hajmi juda tez o‘sib boradi va ularni saqlash texnologiyalari hamda yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj yanada ortadi. Kompaniyamiz Markaz loyihalarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotni kompleks rivojlantirishni ta’minlash uchun soha mutaxassislarini o‘qitish va maslahat berishga to‘liq tayyor», — dedi Chen Szyakay.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra, Huawei va Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi, unda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha keyingi rejalarni belgilab olindi.