Yevrosiyo mamlakatlarini raqamlashtirish – umumiy muammo va imkoniyatlar

Продолжая просмотр сайта и(или) нажимая X, я соглашаюсь с использованием файлов cookie владельцем сайта. Batafsil

Yevrosiyo mamlakatlarini raqamlashtirish – umumiy muammo va imkoniyatlar

2021.07.30

Ilya Levchuk

Huawei Yevroosiyo kompaniyasida strategik marketing departamenti direktorining oʻrinbosari

 

Soʻnggi yillarda raqamlashtirish masalasi hukumatlar uchun ham, jamoatchilik uchun ham eng muhim mavzulardan biri boʻlib qoldi. Dunyoning barcha mamlakatlari raqamlar “kasalligiga chalinishdi” va oʻzlarini porloq kelajakka olib boradigan “raqamlashtirish” tezyurar poyezdiga imon qadar tezroq chiqib olishga intilishmoqda.

Yevroosiyo mintaqasi iqtisodiyotidagi raqamli rivojlanishning hozirgi holati siyosiy erkinlik omilining kuchliligidan dalolat beradi. Yevrosiyoning barcha mamlakatlaridagi raqamlashtirish  boʻyicha loyihalar bevosita davlat rahbarlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqa va ehtimol, bunday koʻmaksiz ular ancha sekinroq amalga oshirilgan boʻlar edi. Albatta, raqamli iqtisodiyot bundanda tezroq rivojlanishi va yanada koʻproq moliyalashtirilishi mumkin edi deyish mumkin, biroq bu sohada erishilgan ulkan yutuqlar, masalan, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, ijtimoiy obyektlarning Internet tarmogʻiga keng ulanishi va aholining raqamli salohiyatini oshirish ustida olib borilgan ishlar ham diqqatga sazovor.

Koʻp sonli milliy loyihalar yaratildi, Yevroosiyo mamlakatlarining raqamli rivojlanishini ragʻbatlantiruvchi va qo’llab-quvvatlovchi koʻplab davlat qonunlari, hujjatlari va farmonlari imzolandi. Baʼzi davlatlarda raqamlashtirish uchun ajratilgan byudjetlardan allaqachon faol foydalanilmoqda va ular orqali yuqori natijalarga erishilmoqda. Mamlakatlar, shuningdek, oʻzlarining raqamli rivojlanishiga investitsiyalarni jalb qilish va raqamlashtirishga sarflanadigan xarajatlarni oshirish imkoniyatlarini koʻrib chiqishmoqda va xizmatlarni “raqamlashtirish” orqali ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni hal qilishmoqda.

Yevroosiyodagi har bir mamlakat hukumati elektron davlat xizmatlariga alohida eʼtibor qaratadi. Juda koʻp xizmatlardan mobil telefon orqali foydalanish mumkin. Hukumatlar onlayn tarzda davlat xizmatlaridan foydalanish jarayonini yanada qulay va tushunishga oson qilish uchun turli sohalar mutaxassislarini jalb qilmoqda.

Soʻnggi paytlarda katta eʼtibor qaratilayotgan yana bir yoʻnalish bu – sanoatni raqamlashtirish. Yevroosiyo mintaqasida biznesni raqamlashtirish darajasi rivojlangan mamlakatlar bilan taqqoslaganda hali ham past. Ushbu masala Yevroosiyoning barcha mamlakatlarida yechimlarni izlash va tarmoqlarda “raqamlar”ni joriy etishni davom ettirish maqsadida batafsil muhokama qilinadi.

Shu bilan birga, biz mintaqaga xos boʻlgan bir qator qiyinchiliklarni ham koʻrishimiz mumkin, masalan, bulardan biri geografik (ulkan hududlar) va bozor cheklovlari bilan bogʻliq AKT infratuzilmasining kam rivojlanganligidir. Shuningdek, Internetga kirib borish darajasi borasida rivojlangan mamlakatlar oʻrtasida kim oʻzar poygalari boshlanganligini ham alohida aytib oʻtish kerek. Ushbu musobaqada Yevroosiyo mamlakatlari, afsuski, hali ham rivojlangan mamlakatlardan ancha ortda borishmoqda. Shunisi aniqki, kelgusida optik tolali tarmoqlar bilan qamrab olish darajasi yuqori boʻlgan yoki rivojlangan 5G tarmoqlariga ega mamlakatlar oldinda turadi, chunki Internetga kirish imkoniyati va darajasi YaIM hajmining oʻsishiga bevosita taʼsir qiladi. Mutaxassislar shuningdek, turli xil moliyaviy cheklovlar tufayli Yevroosiyo mamlakatlarida AKT loyihalarining yetarlicha moliyalashtirilmasligi xavfi mavjudligini taʼkidlamoqdalar. Bundan tashqari, Yevroosiyo mamlakatlarida raqamli rivojlanish surʼatlarini cheklashi mumkin boʻlgan malakali kadrlar yetishmasligi muammosi ham mavjud.

Ayni paytda barcha Yevroosiyo mamlakatlari uchun eng katta tahdid – bu “raqamli uzilish”ning boshqa tomonida, Sanoat 4.0 doirasidan tashqarida qolishdir. “Raqamli qurollanish” poygasi allaqachon boshlangan va kiberxavfsizlik masalalari oliy darajadagi uchrashuvlar va sammitlarda kun sayin tobora koʻproq muhokama qilinmoqda.

Biroq, yuqorida aytib oʻtilgan barcha cheklovlarni hisobga olgan holda, Yevroosiyo mamlakatlari raqamlashtirish sohasida, shubhasiz, bir qator imkoniyatlarga ega:

  • Rivojlangan mamlakatlar tajribasidan foydalanish va xorijiy hamkorlarning investitsiyalarini jalb qilish hisobiga sezilarli yutuqlarga erishish mumkin. Shuningdek, Yevroosiyo davlatlari hukumatlari oʻzlari allaqachon yaratgan rivojlanish institutlari haqida unutib qoʻymasliklari va raqamli loyihalarga koʻproq eʼtibor berishlari kerak.
  • Yevroosiyo mamlakatlari, shuningdek, AKT infratuzilmasini kengaytirish va smartfonlar olish imkoniyatini oshirish hisobiga Internetga kirib borish darajasini jadal oshirish uchun katta imkoniyatlarga ega.
  • Yevroosiyo mintaqasida Yevropa bilan solishtirganda nisbatan yuqori bilimga ega boʻlgan yosh aholi koʻpchilikni tashkil etadi. Odamlar raqamlashtirishning asosiy resursidir. Raqamlashtirishning oʻzi har kuni odamlar aqli va qoʻli bilan yaratilmoqda va bu jarayonga qancha koʻp odamlar jalb qilinsa, raqamli kelajakka olib boradigan yoʻl shu qadar qisqa va tezkor boʻladi.
  • Mintaqadagi mamlakatlar real iqtisodiyotda raqamli texnologiyalarni qoʻllashning foydalanilmagan imkoniyatlarini amalga oshirishni boshlashlari mumkin. Bizni oʻrab turgan dunyo har kuni oʻzgarmoqda, raqamli texnologiyalar esa ushbu oʻzgarishlarni yanada tezlashtirmoqda.

Xulosa qilib shuni taʼkidlaymizki, mamlakatlarni raqamlashtirish bu uzoq muddatli, mashaqqatli va har kuni qilinishi kerak boʻlgan ish, ammo yoʻlovchini yoʻl toblaydi.