Продолжая просмотр сайта и(или) нажимая X, я соглашаюсь с использованием файлов cookie владельцем сайта. Batafsil

Huawei va Gantek moliya sektorining raqamli transformatsiyasini jadallashtirish uchun kuchlarini birlashtirmoqda

2026-yil 10-iyun kuni Huawei va Gantek kompaniyalari hamkorlikda “Huawei & Gantek Day 2026” tadbirini o‘tkazdi. Unda hamkor tashkilotlar va turli soha, jumladan moliya sektori vakillari bo‘lgan 40 dan ortiq rahbar va texnik direktorlar ishtirok etdilar. Tadbir Huawei kompaniyasining O‘zbekistonda qulay hamkorlik ekotizimini shakllantirish hamda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlariga erishish yo‘lida xalqaro va mahalliy AKT bozori ishtirokchilari bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan uzoq muddatli tashabbusining bir qismidir.

Gantek kompaniyasining mintaqaviy operatsiyalar bo‘yicha vitse-prezidenti Olchum Gobeklioglu (Olçum Göbeklioğlu) tadbirni kirish nutqi bilan ochib berdi. U Gantek ma’lumotlarni saqlash va zaxiralash tizimlaridan tortib ma’lumotlar bazalari, bulutli texnologiyalar hamda sun’iy intellektgacha bo‘lgan kompleks AKT yechimlarini taqdim etish bo‘yicha 43 yildan ortiq tajribaga ega ekanligini ta’kidladi.

“Kompaniyamiz Markaziy Osiyo davlatlarini ham o‘z ichiga olgan 13 ta mamlakatda faoliyat yuritadi. Biz an’anaviy texnologiyalar sohasidagi yetakchi kompaniyalar bilan barqaror hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yganmiz va innovatsiyalarga tez moslashish hamda o‘tishni ta’minlash uchun zamonaviy tendensiyalarni diqqat bilan kuzatib boramiz. Huawei bilan hamkorlik bizga O‘zbekistondagi mijozlarimizga eng ilg‘or texnologik yechimlarni taqdim etish imkonini bermoqda. 1983-yilda Gantek tashkilotlarga analog texnologiyalardan raqamli texnologiyalarga o‘tishda yordam bergan bo‘lsa, bugungi kunda Huawei bilan birgalikda tashkilotlarga raqamli davrdan intellektual davrga o‘tishda ko‘maklashmoqdamiz”, — dedi Olchum Gobeklioglu.

Huawei Enterprise’ning O‘zbekistondagi direktori Toni Yan tadbir ishtirokchilariga kompaniyaning “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida AKT infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha rejalari hamda raqamli tranzaksiyalar sohasida tizimlarning ishonchliligi va uzluksiz ishlashiga qo‘yilayotgan talablar tobora ortib borayotgani haqida so‘zlab berdi. Uning ta’kidlashicha, Huawei mahalliy hamkorlar, jumladan banklar va moliyaviy tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Shunday tashkilotlardan biri — CRIF Kredit-Axborot Xizmatlari bo‘lib, ushbu hamkorlik sektorning intellektual rivojlanishiga xizmat qilmoqda. U “O‘tgan yili Huawei kompaniyasi umumiy daromadining 21,8 foizini ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarga yo‘naltirdi. Innovatsiyalar bizning intellektual transformatsiyadagi asosiy harakatlantiruvchi kuchimiz bo‘lib qolmoqda va 26 yildan ortiq vaqt davomida O‘zbekiston AKT infratuzilmasini mustahkamlashga o‘z hissamizni qo‘shib kelmoqdamiz. Huawei’ning kompleks yechimlari intellektual transformatsiyani qo‘llab-quvvatlaydi, Gantek bilan hamkorlikda ishonchli bank yechimlarini taqdim etish esa mamlakatda ushbu sohaning rivojlanishini yanada jadallashtiradi”, — deb ta’kidladi.

2026-yil may oyida Qozog‘istonning Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan GITEX Central Asia and Caucasus 2026 doirasida Huawei va Gantek kompaniyalari hamkorlikning yangi bosqichi boshlanganini hamda bank sektorining raqamli transformatsiyasini tezlashtirishga qaratilgan “Resilient Banking Solution” (“Ishonchli bank yechimi”) loyihasini birgalikda ishga tushirganini tantanali ravishda e’lon qildi. Ushbu yechim aholining va biznesning raqamli xizmatlar hamda bank operatsiyalariga bo‘lgan ortib borayotgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida ishonchli va barqaror bank tarmoq infratuzilmasi hamda ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini yaratishga xizmat qiladi.  

“Huawei & Gantek Day 2026” tadbirida muhokama qilingan asosiy mavzular quyidagilar bo‘ldi: raqamli transformatsiyani jadallashtirish uchun innovatsion ma’lumotlar infratuzilmasi, sun’iy intellekt davrida o‘ta tezkor moliyaviy operatsiyalar uchun ma’lumotlarni saqlash tizimlari, ishonchli yagona tarmoqni yaratish maqsadida o‘zaro bog‘langan ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini barpo etish, ekologik va intellektual ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari hamda sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlari (AIDC) uchun “RAS” konsepsiyasi.

CRIF Kredit-Axborot Xizmatlari bosh direktori Mirsardor Usmonov o‘z nutqida kompaniyalar hamkorligining amaliy natijalarini misol tariqasida taqdim etdi: “Avvalgi yetkazib beruvchining ma’lumotlarni saqlash tizimi texnik qo‘llab-quvvatlash muddati tugashi (EOS) bilan bog‘liq xavflarga duch kelgan edi. Huawei va Gantek kompaniyalari OceanStor Dorado 5000 V6 hamda migratsiyaning mahalliy vositalarini joriy etish orqali xizmatlar uzilishisiz o‘tishini ta’minladi, kechikishlarni 50 foizga qisqartirdi va umumiy egalik xarajatlarini (TCO) 30 foizga optimallashtirdi. Natijada muhim biznes operatsiyalarining uzluksizligi ta’minlandi.”

Huawei kompaniyasining ma’lumotlarni saqlash yechimlari bo‘yicha katta arxitektori Ruslan Golovkin sun’iy intellekt uchun Huawei Dorado/Protect/Pacific asosidagi barqaror ma’lumotlarni qayta ishlash markazi yechimini taklif etishini ma’lum qildi. Ushbu yechim ish yuklamalari, zaxiralash, himoya va arxivlash jarayonlarini qamrab oladi. Uning ta’kidlashicha, innovatsion arxitektura yuqori ishonchlilik va intellektual imkoniyatlarni ta’minlaydi hamda 20 dan ortiq moliyaviy tashkilot tomonidan yuqori baholangan.

Huawei kompaniyasining ma’lumot uzatish yechimlari bo‘yicha katta arxitektori Ilya Djerya moliya sektorida bir vaqtning o‘zida bir nechta ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini ekspluatatsiya qilish masalasiga to‘xtaldi. U Huawei uchta asosiy imkoniyatga ega bo‘lgan o‘ta ishonchli Multi-DCN tarmog‘ini taklif etishini aytdi: ko‘p darajali ishonchlilik, yagona boshqaruv hamda yagona ekspluatatsiya va texnik xizmat ko‘rsatish. Bundan tashqari, Huawei Secure SD-WAN yechimi filiallar o‘rtasida xavfsiz ulanishni ta’minlab, dunyo bo‘ylab yuzlab mijozlarning tanloviga aylangan.

Huawei Digital Power eksperti Artur Xashimov: “Sun’iy intellekt ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarining rivojlanishini rag‘batlantirmoqda. Huawei SI ma’lumotlar markazlarini qurish uchun ‘RAS’ konsepsiyasini taklif etadi. U ishonchlilik (Reliable), moslashuvchanlik (Agile) va barqarorlikni (Sustainable) birlashtiradi. UPS va sovutish tizimlarining kompleks ishonchliligi, modulli va moslashuvchan joriy etish hamda yuqori samarali, kam uglerodli texnologiyalar tufayli Huawei dunyoning 50 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritmoqda va O‘zbekiston raqamli hukumatining ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari uchun ham yechimlar taqdim etgan.” – deb aytib o‘tdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar kompaniyaning shourumiga tashrif buyurib, turli tarmoqlarning intellektual transformatsiyasiga xizmat qilayotgan ilg‘or yechimlar va global amaliyotlar bilan yaqindan tanishdilar.